Xotin-qizlar uchun imtiyozli ta'lim krediti tizimi
O‘zbekistonda xotin-qizlarning bilim olishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi imtiyozli tizim joriy etildi. Prezident qaroriga muvofiq, endilikda xotin-qizlar 7 yil muddatga foizsiz ta’lim krediti olishlari mumkin. Ushbu imtiyoz barcha davlat, xususiy va xorijiy oliygohlar hamda professional ta'lim muassasalarida kunduzgi, sirtqi va kechki ta'lim shaklida o'qiyotganlarga tegishlidir.
Kredit shartlari va foizlarni to‘lash tartibi
Tijorat banklari tomonidan ajratiladigan ushbu kreditning yillik stavkasi aslida 14 foizni tashkil etadi. Biroq, talaba qizlar foiz qismini o‘z yonlaridan to‘lamaydilar. Kredit foizlari Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi. Har bir talaba o‘qishni tugatgandan so‘ng, yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida faqat kreditning asosiy qismini qaytarishi lozim.
Kredit olish uchun kimlar murojaat qilishi mumkin?
- Barcha turdagi oliy ta’lim tashkilotlari talabalari;
- Professional ta’lim muassasalari (texnikum, kollej) o‘quvchilari;
- Kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan xotin-qizlar.
Kerakli hujjatlar ro'yxati
Imtiyozli ta’lim kreditini rasmiylashtirish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:
- Kredit olish to‘g‘risida bankka ariza;
- Kredit oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport yoki ID-karta);
- Ta’lim muassasasining to‘lov-kontrakt shartnomasi;
- Kredit qaytarilishining ta’minoti bo‘yicha hujjat (doimiy daromadga ega oila a’zolari yoki uchinchi shaxs kafilligi).
Ushbu yangi tizim 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab joriy etilgan bo'lib, xotin-qizlarning oliy ma'lumotli bo'lishlari uchun keng yo'l ochadi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.