Prezident ikki kun avval tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash bo'yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Uning eng amaliy yangiliklaridan biri: tibbiyot oliygohlariga qabul kvotalari endi hududlar va tibbiyot muassasalarining real ehtiyoji, kadrlar yetishmovchiligidan kelib chiqib belgilanadi. Bu haqda soha mutasaddilari ma'lum qildi.
Mantiq oddiy: qaysi hududda qaysi mutaxassis yetishmasa, kvota o'sha yerga va o'sha yo'nalishga yo'naltiriladi. Demak, abituriyent uchun tanlov strategiyasi ham o'zgaradi — “qayerda o'qisam” degan savolga endi “qayerda shifokor yetishmaydi” degan javob qo'shiladi.
Davlat buyurtmasini SSV tasdiqlaydi
Yana bir muhim o'zgarish: tibbiyot oliygohlari uchun davlat buyurtmasi yo'nalishlar kesimida Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Ya'ni kadr buyurtmachisi ham, ehtiyojni hisoblovchi ham — sohaning o'zi. Bu kvotalarning qog'ozda qolib ketmasligi, bitiruvchi bevosita ish kutayotgan joyga tayyorlanishiga xizmat qiladi.
Davolash ishi o'rniga 6 yillik Umumiy tibbiyot
Taqdimotning eng muhim qismi — “Davolash ishi” yo'nalishi o'rniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” yo'nalishi joriy etilishi bo'ldi. Bu o'zgarish haqida alohida batafsil yozgandik — tibbiyotga kirmoqchi bo'lganlar avval o'sha maqola bilan tanishib chiqishi kerak.
Yagona reyestr, imtihon va ustamalar
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun yagona elektron reyestr yaratiladi: mutaxassisning ta'limi, malakasi va ish faoliyati haqidagi ma'lumotlar shu yerda jamlanadi. Davlat ro'yxatidan o'tish 2027-yildan ixtiyoriy, 2030-yildan majburiy bo'ladi — ro'yxatdan o'tmagan mutaxassisga faoliyat bilan shug'ullanishga ruxsat berilmaydi. Bilim bosqichma-bosqich imtihon bilan baholanadi, yiqilganlarga qayta topshirish imkoniyati beriladi. Tizimga erta qo'shilib, imtihondan o'tganlarga ustama rejalashtirilgan: oliy ma'lumotlilarga 5 baravarigacha, o'rta tibbiyot xodimlariga 2,5 baravarigacha. Bu mavzu bo'yicha reyestr haqidagi alohida maqolamizni o'qing.
Uzluksiz ta'lim kredit tizimiga o'tadi
Kasbiy ta'lim ham yangilanadi: tizim kredit-modul asosida ishlaydi, oliy ma'lumotlilar yiliga kamida 50 kredit, o'rta xodimlar 28 kredit to'plashi kerak bo'ladi. Dastur, provayder va o'qish shaklini mutaxassisning o'zi tanlaydi — onlayn kurs, seminar, trening yoki ish joyida malaka oshirish. Xorijdagi akkreditatsiyalangan dasturlarda olingan kreditlarni tan olish mexanizmi ham joriy etiladi, sifat nazorati uchun Kasbiy rivojlanish markazi tashkil qilinadi. Jarayonlarni muvofiqlashtirish uchun alohida markaz ham ochiladi.
Aytgancha, joriy yilda tibbiyot yo'nalishlariga super-kontrakt asosida qabul ham amalga oshiriladi — byudjetdan tashqari o'qimoqchilar uchun bu yo'l ochiqligicha qolmoqda.
Reklama

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.