Tibbiyot yo‘nalishlarida super-kontrakt bekor qilinmaydi. Mart oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasi hozirga qadar amaldagi hujjat sifatida qabul qilinmagan, shu sababli tibbiyotda super-kontrakt tartibi saqlanib qolmoqda, deya xabar bermoqda Ta’lim xabarlari.
Qaror loyihasida nima taklif qilingan edi?
2026-yil 3-mart kuni normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “Tibbiyot va farmatsevtika ta’limi sohasida kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e’lon qilingan edi. Unda 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab tibbiyotda oshirilgan to‘lov-kontrakt (super-kontrakt) asosida qabul qilishni bekor qilish hamda minimal o‘tish ballarini shifokor mutaxassisliklari uchun 70 foiz, o‘rta tibbiy xodim mutaxassisliklari uchun 60 foiz etib belgilash taklif etilgan edi.
Reklama
Biroq qaror qabul qilinmagan — loyiha kuchga kirmagan va unda nazarda tutilgan o‘zgarishlar amaliyotga tatbiq etilmagan.
Mas’ullar nima deyapti?
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning xabar berishicha, mas’ullar tibbiyot yo‘nalishlariga super-kontraktni bekor qilish bo‘yicha o‘zgarish kutilmayotganini, ammo ma’lum bir boshqacha tartiblar belgilanishi mumkinligini ma’lum qilishgan. Bu haqda hozircha aniq va rasmiy xabar berilmagan.
Hozirgi tartib qanday?
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tibbiyot yo‘nalishlarida abituriyentlar uchun super-kontrakt asosida talabalikka qabul qilish tartibi saqlanib qolmoqda. Rasmiy tartib o‘zgarmaguncha, tibbiyotda super-kontrakt bekor qilingan deb hisoblanmaydi.
Avvalroq tibbiyot yo‘nalishlarida super-kontrakt bekor qilinishi haqidagi xabarlar haqida yozgan edik. InfoEdu.uz orqali ta’limga oid eng muhim yangiliklarni muntazam kuzatib boring.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.