20 yillik staj va ilmiy darajaga ega shifokorlar imtihonsiz ro’yxatdan o’tadi

PF-192-son Farmon bilan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro’yxatidan o’tkazish tartibi belgilandi. Asosiy shartlar va muddatlar.

20 yillik staj va ilmiy darajaga ega shifokorlar imtihonsiz ro’yxatdan o’tadi

Prezidentning 2026-yil 10-sentyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish tizimini joriy qilish to'g'risida”gi PF–192-son Farmoni qabul qilindi. Unga ko'ra 2027-yil 1-iyuldan bosqichma-bosqich tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish orqali kasbiy faoliyat bilan shug'ullanish tizimi joriy etiladi.

Farmon mazmuni huquqiy axborot kanalida e'lon qilindi.

Imtihonsiz ro'yxatdan o'tkazish sharti

Reklama

Davlat ro'yxatidan o'tkazilayotgan mutaxassisligi bo'yicha kamida 20 yil ish stajiga va ilmiy darajaga ega tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlari maxsus imtihon topshirmasdan davlat ro'yxatidan o'tkaziladi.

Mutaxassisliklar ro'yxati

Ro'yxatdan o'tkazish tibbiyot va farmatsevtika faoliyati amalga oshiriladigan ixtisosliklar nomenklaturasiga kiritilgan mutaxassisliklarga tatbiq etiladi. Shu nomenklatura asosida maxsus imtihon bilan yoki imtihonsiz ro'yxatdan o'tkaziladigan mutaxassisliklar ro'yxati xodimlarning bemorga tibbiy ta'sir ko'rsatish darajasidan kelib chiqib Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Jarayonni monitoring qilish va ma'lumotlardan erkin foydalanish uchun yagona elektron reyestr yuritiladi.

2030-yilga qadar o'tish davri

2030-yilga qadar tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mutaxassisligi bo'yicha ixtiyoriy tartibda maxsus imtihon natijalariga ko'ra yoki malaka toifalarini berish jarayonida avtomatik ravishda 5 yil muddatga davlat ro'yxatidan o'tkaziladi.

2030-yildan joriy etiladigan qoidalar

  • Kasbiy faoliyat bilan shug'ullanish huquqi faqat davlat ro'yxatidan o'tgan shaxslarga 5 yil muddatga beriladi;
  • Ro'yxatdan o'tmasdan kasbiy faoliyat yuritish taqiqlanadi;
  • Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish amaliyoti bekor qilinadi;
  • 2030-yilga qadar berilgan malaka toifalari amal qilish muddati tugagunga qadar saqlanadi, ustamalar va lavozimga oid huquqlar ham shu davr mobaynida qoladi;
  • Maxsus imtihondan o'ta olmagan xodimlar 1 yil davomida qayta imtihon sharti bilan vaqtincha ro'yxatdan o'tkaziladi va shu davrda ishlashda davom etadi;
  • O'z mutaxassisligi bo'yicha 3 yil yoki undan ortiq uzluksiz ishlamagan xodimlar ixtisoslashuv kurslarini tamomlab, qayta ro'yxatdan o'tgandan so'ng faoliyat yuritishi mumkin.

Reyestr joriy etilishi va bosqichlari haqida 2030-yildan ro'yxatdan o'tmagan shifokorlarning sohada ishlay olmasligi, shuningdek tibbiyot xodimlarining malaka oshirish joyini o'zi tanlashi haqidagi maqolalarimizda ham yozgan edik.

Mutaxassisligi bo'yicha kamida 20 yil ish stajiga va ilmiy darajaga ega tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlari maxsus imtihon topshirmasdan ro'yxatdan o'tkaziladi.
Tizim 2027-yil 1-iyuldan bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2030-yilga qadar ixtiyoriy tartibda, 2030-yildan esa majburiy tartibda ro'yxatdan o'tkaziladi.
2030-yildan malaka toifasi berish amaliyoti bekor qilinadi. Shu yilga qadar berilgan toifalar amal qilish muddati tugagunga qadar saqlanadi, ustamalar ham shu davr mobaynida to'lanadi.

Reklama

Umidjon EsirgapovU
MUALLIFUmidjon EsirgapovInfoedu.uz asoschisi marketing va ta’lim sohasida 5 yillik tajribaga ega ekspert.

Izohlar (0)

Izoh yozish uchun tizimga kiring.

Hozircha izohlar yo‘q.

Birinchi bo‘lib izoh qoldiring

O'xshash maqolalar

Eng ko'p o'qilganlar