Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog'iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan tanishdi. Yangi tashkil etilgan akademiya soha xodimlarini xalqaro standartlar va ilg'or texnologiyalar asosida qayta tayyorlashning tayanch markaziga aylanadi. Bu haqda Prezidentning rasmiy sayti xabar berdi.
Majmua va uning quvvati
Prezidentning 2024-yil 24-dekabrdagi qaroriga muvofiq hududdagi tibbiyot muassasalarini xususiy sektor ishtirokida ilm-fan, ta'lim va amaliyotni birlashtirgan yagona innovatsion klasterga aylantirish belgilangan. Shu maqsadda 4,6 gektar maydonda umumiy qiymati 154 milliard so'm bo'lgan zamonaviy majmua barpo etilib, 80 ta yangi ish o'rni yaratildi.
Reklama
- Yiliga 3 ming nafar shifokor malakasini oshirishi mumkin;
- 6 ming 800 nafar o'rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi malakasini oshirish imkoniyati mavjud;
- Har yili Orolbo'yi mintaqasidan 100 nafarga yaqin klinik ordinator tayyorlanadi;
- Uzoq hududlardan keladigan mutaxassislar uchun 72 o'rinli zamonaviy mehmonxona faoliyat yuritadi.
Amaliy ta'lim va texnologiyalar
Amaliy ko'nikmalarni rivojlantirish uchun 18 ta simulyatsion xona tashkil etilgan. Ularda 50 dan ortiq yo'nalish bo'yicha raqamli va simulyatsion ta'lim yo'lga qo'yilgan bo'lib, mutaxassislar 100 dan ziyod tibbiy amaliyot bo'yicha xalqaro standartlar asosida tayyorlanadi.
Majmuada Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan “Edge Medical” jarrohlik roboti o'rnatilgan. U simulyatsion o'quv mashg'ulotlarini o'tkazish bilan birga real klinik sharoitda masofaviy operatsiyalarni yuqori aniqlikda bajarish imkonini beradi.
Ilmiy yo'nalishlar va xalqaro hamkorlik
Akademiya faoliyati ta'lim bilan cheklanmaydi: bu yerda ilm-fan, klinik amaliyot va raqamli texnologiyalar uyg'unlashtiriladi. Orolbo'yi ekotizimining aholi salomatligiga ta'siri, respirator va onkologik kasalliklar, xavfsiz ichimlik suvi, nutrisiologiya, reproduktiv salomatlik hamda ekologik epidemiologiya kabi hudud uchun dolzarb yo'nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borish ko'zda tutilgan.
Shuningdek, AQShning Pittsburg va Germaniyaning Frayburg universitetlari kabi xorijiy ta'lim va tibbiyot markazlari bilan hamkorlik, xalqaro o'quv kurslari va qo'shma ilmiy tadqiqotlar, telemedisina va raqamli ta'lim texnologiyalarini rivojlantirish rejalashtirilgan.
Kadrlar tayyorlash bo'yicha klinik ordinatura bo'yicha qabul kvotasi oshirilgani haqidagi maqolamizda ham yozgan edik.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring