2026-yil 1-dekabrdan gidlarga va gid-tarjimonlarga o'z xohishiga ko'ra malaka toifasi beriladi. Sertifikat esa cheklanmagan muddatga amal qiladi. Bu Hukumatning 2026-yil 4-sentabrdagi “O’zbekiston Respublikasida ekskursiya xizmatlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 468-son qarori bilan belgilandi.
Gidlarga malaka toifasini berish vakolati Turizm qo'mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutiga beriladi. Qaror bilan “Gidlarga (gid-tarjimonlarga) malaka toifasini berish tartibi to’g’risida”gi nizom ham tasdiqlandi.
Malaka toifalari va imtihon natijalari
Reklama
Kasbiy imtihon natijalarining eng kam ko'rsatkichi toifalarga qarab farq qiladi:
| Malaka toifasi | Kasbiy imtihon natijasi |
|---|---|
| Havaskor gid | 56 foizdan 70 foizgacha |
| Ixtisoslashgan gid | 70 foizdan 85 foizgacha |
| Professional gid | 86 foizdan 100 foizgacha |
Nizomda “Oltin fond” gidi toifasi ham nazarda tutilgan. Toifa berishda gidning kasbiy bilimlari va amaliy ko'nikmalari, ekskursiya xizmatlarini tashkil etish mahorati, ekskursiya obyektlari bo'yicha bilim darajasi, turistlar bilan muloqot madaniyati, xorijiy tillarni bilish darajasi hamda kasb etikasi qoidalariga rioya qilishi inobatga olinadi.
Toifa olish majburiy emas
Malaka toifasi ixtiyoriy asosda beriladi. Uning mavjud emasligi gidning qonunchilikda belgilangan tartibda olingan malaka sertifikati asosida faoliyat yuritish huquqini cheklamaydi. Gid sifatida so'nggi ikki yil davomida faoliyat yuritmagan shaxslar esa malaka imtihonini qayta topshiradi.
Turizm sohasida kadrlarni tayyorlash va malaka oshirish bo'yicha yangi markaz va ta'lim dasturlari avvalroq ham e'lon qilingan edi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.