Bakalavriatni imtiyozli diplom bilan tugatgan pedagoglar uchun katta imkoniyat. 2026-yildan boshlab bakalavriat bosqichini imtiyozli diplom bilan tamomlab, birinchi bor ta’lim tashkilotiga ishga kirayotgan bitiruvchilarga ikkinchi malaka toifasi — katta o‘qituvchi lavozimi attestatsiyasiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi.
Bu — ta’lim tashkilotiga yangi kelgan iqtidorli pedagogga katta imkoniyat. Odatda malaka toifasini olish uchun attestatsiya jarayonidan o‘tish zarur bo‘lsa, endi imtiyozli diplom bilan bu jarayon chetlab o‘tiladi.
Murojaat yuborish tartibi
Imtiyozni olish uchun quyidagi qadamlar bajariladi:
- pedagog.uzedu.uz platformasi orqali profilingizga kirasiz;
- “Murojaatlarim” bo‘limini ochasiz;
- “To‘g‘ridan-to‘g‘ri” murojaat turini tanlaysiz;
- Kerakli shakllarni to‘ldirasiz;
- Imtiyoz tanlash qismidan “Imtiyozli bakalavr diplomi” bandini belgilaysiz;
- Murojaatni yuborasiz.
Murojaat yuborish usullari
Murojaatni quyidagi usullarda yuborish mumkin:
- pedagog.uzedu.uz rasmiy platformasi orqali;
- Davlat xizmatlari markazlari orqali;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali.
Magistratura bitiruvchilari uchun ham imtiyoz ko‘zda tutilmoqda
2026-yildan boshlab magistraturani tamomlab, barcha fanlardan va attestatsiyadan “5” (90–100 ball) natija ko‘rsatgan hamda birinchi bor ta’lim tashkilotiga ishga kirayotgan bitiruvchilarga birinchi malaka toifasi — yetakchi o‘qituvchi berish imtiyozini joriy etish bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Imtiyozli diplom bo‘yicha yangi tartib haqida avvalroq ham xabar berilgan edi — imtiyozli diplom bilan bitirgan pedagoglarga yangi tartibda malaka toifasi berilishi haqidagi xabarda batafsil ko‘rsatilgan. Biz pedagoglar uchun malaka toifasi va attestatsiya masalalarini kuzatib, tahliliy yoritib boramiz.
Reklama

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.