21-22-oktabr kunlari Samarqandda bolalar farovonligiga bag'ishlangan jahon sammiti bo'lib o'tadi. Tadbirning to'liq nomi — «Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo'l». Sammit «Silk Road Samarqand» majmuasida o'tkaziladi.
Tashkilotchilar ma'lumotiga ko'ra, unda 100 dan ortiq mamlakatdan siyosiy yetakchilar, vazirlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ekspertlar, biznes va fuqarolik jamiyati vakillari, shuningdek, bolalar va o'smirlar ishtirok etadi. Kutilayotgan ishtirokchilar soni 600 dan ortiq.
Kun tartibida erta bolalik rivoji va inklyuziv ta'lim
Sammitning panel sessiyalarida bolalar farovonligiga oid eng dolzarb masalalar muhokama qilinadi. Ta'lim nuqtai nazaridan eng muhim yo'nalishlar quyidagilar:
- Erta bolalikni rivojlantirish;
- Inklyuziv ta'limni keng joriy etish;
- Bolalar va oilalarni ijtimoiy himoya qilish;
- Bolalar salomatligi va sog'liqni saqlash xizmatlari;
- Bolalar onkologiyasi.
Muhokamalarda davlatlar tajribasi va amaliy yechimlari taqqoslanadi. Sog'liqni saqlash vazirligining xabariga ko'ra, xorijiy mehmonlar O'zbekistondagi ijtimoiy soha obyektlariga ham tashrif buyuradi.
Ta'lim masalalari sammitning markaziy mavzularidan biri bo'lishi bejiz emas: bolaning maktabgacha yoshdagi rivoji keyingi o'quv natijalariga bevosita ta'sir qiladi. Shu bois erta bolalik davridagi ta'lim sifati va inklyuziv yondashuv alohida sessiyalarda ko'rib chiqiladi.
Tadbir doirasida volontyorlar qabuli ham e'lon qilingan. Sammit ishini yoritish uchun jurnalistlar oldindan akkreditatsiyadan o'tishi talab qilinadi.
Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinadi
Sammit yakunida bolalar farovonligiga sarmoya yuborish bo'yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan. Hujjat siyosiy majburiyatlarni aniq harakatlar va moliyalashtirish mexanizmlariga aylantirishga qaratiladi. Bu haqda tadbirning rasmiy saytida batafsil yozilgan.
Dastur olti yo'nalishga bo'lingan: erishilgan natijalarni baholash, ishlayotgan tajriba almashinuvi, himoya tizimini kuchaytirish, bolalar onkologiyasi bo'yicha hamkorlik, Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining 2026-2030-yillar strategiyasini qo'llab-quvvatlash va ustuvorliklarni kelishish.
Ikkinchi xalqaro bolalar onkologiyasi kongressi
Sammit doirasida bolalar onkologiyasiga bag'ishlangan ikkinchi xalqaro kongress ham o'tkaziladi. Unda kasallikni erta aniqlash va sifatli davolash masalalari ko'rib chiqiladi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, har yili dunyoda 400 mingga yaqin bola va o'smir saraton kasalligiga chalinadi.
Xalqaro statistikada farq sezilarli: yuqori daromadli davlatlarda bolalarning 80 foizdan ortig'i kasallikni yengadi, past va o'rta daromadli mamlakatlarda bu ko'rsatkich 30 foizdan past. Shu sabab tadbir ishtirokchilari davolashdan keyingi hayot sifati va dori vositalaridan teng foydalanish masalasini ham muhokama qiladi.
Tashkilotchilar va maslahat qo'mitasi
Tadbirni Prezident huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, ta'lim vazirligi va «Zamin» xalqaro jamoat fondi tashkil etmoqda. Maslahat qo'mitasi tarkibiga Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar huquqlari bo'yicha vakili, YUNISEF, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti va Jahon banki kiradi.
O'zbekistonning maktabgacha ta'lim sohasidagi tajribasi xalqaro hisobotlarda ham alohida qayd etilgan — bu haqda UNESCO GEM hisoboti bo'yicha xabarimizda yozganmiz. Sammitning ta'lim qismi aynan shu tajribani xalqaro maydonda ko'rsatish imkonini beradi.














