Maktabda pedagogik faoliyat olib borish uchun tegishli yo'nalish bo'yicha diplomga ega bo'lish lozim. Har qanday oliy ma'lumot diplomi maktabda dars berish huquqini bermaydi — bu ko'pchilik o'qituvchilik qilmoqchi bo'lganlarni qiziqtirayotgan masala.
Masalan, "Mechanika va matematik modellashtirish, tadqiqotchi, pedagog" yo'nalishida magistr diplomiga ega bo'lgan shaxs umumta'lim maktabida informatika fanidan dars bera oladimi? Qonunchilikka ko'ra, bu savolga javob aniq.
Qanday malaka talablari belgilangan?
Reklama
Vazirlikning 07.12.2019-yildagi 393-sonli buyrug'i bilan tasdiqlangan "Xalq ta'limi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflari"ga asosan maktab o'qituvchisi uchun quyidagi malaka talablari belgilangan:
- Boshlang'ich sinf o'qituvchisi uchun — boshlang'ich ta'lim ixtisosligi bo'yicha kamida o'rta maxsus pedagogik ma'lumot yoki kamida bakalavr darajasidagi oliy ma'lumot va boshlang'ich ta'lim ixtisosligi bo'yicha dars berish huquqi bilan kasbiy qayta tayyorlov kursini tugatganlik;
- Fan o'qituvchisi uchun — fan yo'nalishiga to'g'ri keluvchi kamida bakalavr darajasidagi oliy pedagogik ma'lumot yoki kamida bakalavr darajasidagi oliy ma'lumot va fan yo'nalishiga to'g'ri keluvchi dars berish huquqi bilan kasbiy qayta tayyorlov kursini tugatganlik yoxud fan yo'nalishiga to'g'ri keluvchi kamida bakalavr darajasidagi oliy ma'lumot va pedagogik faoliyat yuritish huquqi bilan qayta tayyorlov kursini tugatganlik.
Yuqoridagi holatda diplomda qayd etilgan "Mechanika va matematik modellashtirish, tadqiqotchi, pedagog" mutaxassisligi tayanch o'quv rejaga asosan umumta'lim fanlari toifasiga kirmasligi sababli amaldagi mutaxassislik maktablarda tegishli fanlardan dars berish huquqini bermaydi.
Maktabda pedagogik faoliyat olib borish uchun belgilangan tartibda qayta tayyorlov kursini tugatib, tegishli yo'nalish bo'yicha diplom olish lozim bo'ladi. Avvalroq maktabda informatika fanidan kimlar dars berishi mumkin haqida yozgan edik. InfoEdu.uz o'qituvchilik kasbi va malaka talablari bo'yicha yangiliklarni yoritishda davom etadi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.