1-oktabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni. Pedagogning maqomi, imtiyozlari va kafolatlari “Pedagogning maqomi to'g'risida”gi qonun (2024-yil 1-fevral, O'RQ-901-son) hamda Mehnat kodeksi bilan belgilangan. Quyida asosiy 6 qoida keltirilgan.
Pedagogning huquqiy maqomi
Ta'lim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida ta'lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi hamda tegishli ma'lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo'lgan jismoniy shaxs pedagogdir. O'zbekistonda pedagogning maqomi tan olinadi: uning huquqlari, sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro'si davlat himoyasi ostida bo'ladi. Pedagogik faoliyat bilan bog'liq lavozimlar ro'yxati Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Reklama
2. Kimlar pedagog bo'lishi mumkin emas
- Qonuniy kuchga kirgan sud hukmiga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish huquqidan mahrum etilganlar;
- Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
- Pedagogik faoliyatni amalga oshirishga to'sqinlik qiladigan kasalliklari bo'lganlar;
- Psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turganlar.
Qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlangan shaxslarni pedagogik faoliyat bilan bog'liq lavozimlarga qabul qilish ham man etiladi.
3. Mehnat shartlari va kafolatlar
- Ta'lim tashkilotlari pedagoglari uchun qisqartirilgan ish vaqti — haftasiga ko'pi bilan 36 soat;
- Davlat ta'lim tashkilotlari pedagoglariga ko'pi bilan 56 kalendar kunlik haq to'lanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan ta'til;
- Davlat ta'lim tashkilotlari pedagoglari davlat sog'liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko'rikdan bepul o'tadi;
- 1-oktabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni ishlanmaydigan bayram kuni (Mehnat kodeksining 208-moddasi).
4. Qo'shimcha to'lovlar va rag'batlantirish
Maktab o'qituvchilariga direktor jamg'armasi hisobidan 40 foizgacha qo'shimcha ustama to'lanadi. Bundan tashqari, umumta'lim muassasalari xodimlari 1-oktabr bayrami munosabati bilan mehnatga haq to'lashning eng kam miqdoriga nisbatan foiz hisobida mukofotlanishi mumkin. 1-oktabr munosabati bilan beriladigan mukofot haqida batafsil yozgan edik.
5. Davlat mukofotlari va faxriy unvonlar
Kashiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan pedagoglar davlat mukofotlariga, xususan, “O'zbekiston Respublikasi xalq o'qituvchisi”, “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi” va “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan xalq ta'limi xodimi” faxriy unvonlariga tavsiya etilishi mumkin. Xalqaro va respublika olimpiadalari g'oliblarini tayyorlagan pedagoglarga esa qonunchilikda belgilangan miqdorda mukofot pullari to'lanadi.
6. Pedagog faoliyatiga aralashish javobgarlikka sabab bo'ladi
Pedagogning bilimni to'g'ri va xolis baholashiga ta'sir ko'rsatish yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to'sqinlik qilish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima solinishiga sabab bo'ladi. pedagogning kasbiy faoliyatiga oid cheklovlar va pedagoglarning ish vaqti haftasiga 36 soatdan oshmasligi haqida ham yozgan edik.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring