Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog'istonga tashrifi chog'ida Qonliko'l tumanidagi 2-maktab o'qituvchisi Nigora Allambergenova bilan muloqot bo'lib o'tdi. Ustoz “Yil o'qituvchisi” tanlovi g'olibi sifatida 616 million so'm mukofot olganini ma'lum qildi.
Bu haqda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi xabar berdi.
Suhbatda aytilganlar
Reklama
Muloqotda ustoz ikki yil avvalgi suhbatni eslab, o'sha paytda chekka hududda ishlab 2 ming dollar maosh olayotganini aytganini, Prezident esa uning daromadi 4 ming dollarga yetishini istaganini qayd etgan.
Hurmatli Prezident, biz siz bilan ikki yil oldingi muloqotimizda, o'zim chekka hududda ishlasam ham 2 ming dollar maosh olyapman, degan edim. Siz esa qachonki 4 ming dollar olayotgan bo'lsangiz, men sizdan rozi bo'laman, degan edingiz. Hurmatli Prezident, bugun sizga maqtanib ayta olaman. Men “Yil o'qituvchisi” tanlovining g'olibi sifatida 50 ming dollar olyapman.
Nigora Allambergenova, Qonliko'l tumani 2-maktab o'qituvchisi
Markaziy bankning 2026-yil 19-sentabrdagi kursi (1 dollar — 11 839,59 so'm) bo'yicha 616 million so'm taxminan 52 ming dollarga teng.
Mukofot miqdori va tanlov qamrovi
Respublika bo'yicha 208 nafar o'qituvchi g'olib deb topilgan, ulardan 17 nafari Qoraqalpog'istondan. Har bir g'olibga 616 million so'm — bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari miqdorida mukofot beriladi, sovrin jamg'armasining umumiy hajmi 128 milliard 128 million so'mni tashkil etdi. Tanlovda 46 ming nafardan ortiq pedagog ishtirok etgan. tanlov g'oliblari va mukofot jamg'armasi haqida avvalroq yozgan edik.
Tanlovni o'tkazish tartibi
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi 264-son qarori bilan “Yil o'qituvchisi” hamda “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovlari 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta o'tkazilishi belgilangan. G'oliblar Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri jamg'armasiga ajratilgan mablag'lar hisobidan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Tumandagi o'zgarishlar
Ustozning so'zlariga ko'ra, Qonliko'l tumanidagi 1-maktab binosi avariya holatida bo'lib, 2019-yildan buyon tuman texnikumi binosida faoliyat yuritgan. Prezident topshirig'i bilan bu yil maktab uchun 600 o'rinli yangi zamonaviy bino qurib bitkazilgan, tuman kutubxonasi ham o'z binosiga ega bo'lgan.
















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring