Niderlandiyaning Vrije Universiteit Amsterdam universitetida o'tkazilgan ikki yillik tajriba ChatGPT'dan ta'limda foydalanish masalasiga yangi dalillar qo'shdi. Tadqiqotda sun'iy intellektni taqiqlash, undan maxsus ko'rsatmalarsiz foydalanish va AI bilan ishlashga o'rgatish — uch xil yondashuv solishtirildi.
Ilmiy maqola muallifi — universitetning huquq fakulteti dotsenti Thibault Schrepel. Tadqiqot natijalari Law, Innovation and Technology jurnalida chop etilgan, maqolaning preprinti esa SSRN platformasida joylashtirilgan.
Tadqiqot metodikasi
Reklama
Tajriba universitetning “Law of AI” kursida o'tkazilgan: birinchi bosqichda 2024-yilda 66 nafar, ikkinchisida 2025-yilda 164 nafar talaba qatnashgan. Talabalar tasodifiy ravishda uch guruhga ajratilgan.
- Birinchi guruhga ChatGPT'dan foydalanish taqiqlangan — topshiriq faqat o'z bilimlari va guruh muhokamasi asosida bajarilgan;
- Ikkinchi guruhga foydalanishga ruxsat berilgan, ammo hech qanday maxsus tayyorgarlik berilmagan;
- Uchinchi guruh huquqiy vazifalarda promptlardan foydalanish hamda AI javoblarining aniqligi va mantiqiyligini tekshirish bo'yicha amaliy tayyorgarlik olgan.
Barcha talabalar 4–5 kishilik kichik guruhlarda Yevropa Ittifoqining AI Act hujjatidagi bir qoidani 20 daqiqa ichida takomillashtirishi kerak bo'lgan. Natijalar mazmun, aniqlik, mutanosiblik va yangilik mezonlari bo'yicha baholangan. Bundan tashqari, talabalar test shaklidagi imtihon hamda AI Act'ning boshqa qoidasini qayta ishlab chiqishni talab qiluvchi uyga vazifani topshirgan.
Guruhlar bo'yicha natijalar
AI'dan foydalanmagan talabalar ko'pincha matnni tahrirlash, jumlalarni soddalashtirish va takrorlarni olib tashlash bilan cheklangan. Ko'plab guruhlar 10–15 daqiqadan keyin yangi g'oyalar topishda qiynalgan — muallif bu holatni “idea exhaustion”, ya'ni g'oyalarning tugashi deb ataydi. Shu bilan birga, AI'siz ishlash talabalarni o'zaro ko'proq muhokama qilishga undagan.
Tayyorgarlik olmagan guruh ChatGPT takliflarini ko'pincha yetarlicha tekshirmasdan qabul qilgan. Ayrim talabalar huquqiy jihatdan muhim atamalarni AI tavsiyasiga ko'ra o'zgartirgan, biroq bunday o'zgarishlarning huquqiy mazmunini tushuntira olmagan. Har bir kichik guruh AI javobidan kamida bitta chalg'ituvchi yoki huquqiy jihatdan ortiqcha iborani saqlab qolgan. Muallif ayni shu guruhdan bunday natija kutgan, ammo imtihonda xatolar takrorlanmagan va guruh AI'siz guruhdan biroz yuqori natija ko'rsatgan — shu sababli u o'z taxminini xato deb tan oladi.
Men xato qilgandim.
Thibault Schrepel, tadqiqot muallifi
Maxsus tayyorgarlik olgan guruh 2024-yilda ancha yaxshi natija ko'rsatgan, ayniqsa uyga berilgan topshiriqda ustunlik sezilgan. Biroq 2025-yilda bu ustunlik sezilarli darajada kamaygan va uch guruh natijalari bir-biriga yaqinlashgan. Muallif buni talabalar orasida AI vositalaridan foydalanish bo'yicha umumiy tajribaning oshgani bilan bog'laydi.
Asosiy kuzatuvlar va tavsiyalar
- AI'dan foydalanishni taqiqlash ikki yilda ham eng past o'rtacha natijani bergan;
- ChatGPT'dan yo'riqnomasiz foydalanish avtomatik ravishda yomon natijaga olib kelmagan;
- AI bilan ishlashni o'rgatish 2024-yilda ustunlik bergan, 2025-yilda bu farq deyarli yopilgan.
Muallif qisqa muddatda fakultetlarga yagona umumiy AI siyosatini majburan joriy etishdan voz kechishni, o'qituvchilarga turli pedagogik yondashuvlarni sinab ko'rish erkinligini berishni taklif qiladi. O'rta muddatda uzun shakldagi yozma ishlardan (masalan, magistrlik dissertatsiyalaridan) voz kechish, uzoq muddatda esa talabalar va o'qituvchilarning AI savodxonligiga sarmoya kiritish zarurligi qayd etilgan.
Natijalarni talqin qilishda ehtiyotkorlik
Tadqiqot bitta universitetning huquq fakultetidagi bitta kursda o'tkazilgan. Shu sababli natijalarni boshqa universitetlar, maktab o'quvchilari yoki matematika va tibbiyot kabi boshqa fanlarga to'g'ridan-to'g'ri tatbiq etish uchun qo'shimcha tadqiqotlar talab etiladi: kursni tanlagan talabalar umumiy populyatsiyadan farq qilishi mumkin, muallifning o'zi ham xulosalarni ehtiyotkorlik bilan talqin qilishga chaqiradi.
AI'ni taqiqlash amaliyoti haqida Nyu-York maktablarida kichik sinflarda sun'iy intellekt taqiqlangani haqidagi maqolamizda ham yozgan edik.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring