Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda umumiy qiymati qariyb 50 trillion soʻmlik 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi. Bu haqda davlat rahbarining rasmiy kanalida xabar berildi.
Joriy yil 25-avgust kuni boʻlib oʻtgan marosimda davlat rahbari hududlardagi studiyalarga yigʻilgan keng jamoatchilik vakillarini hamda ular orqali butun xalqimizni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.
50 trillion soʻmlik 163 ta yangi obyekt ishga tushirildi
Reklama
Qayd etilishicha, joriy yilning oʻzida 1,7 milliard dollarlik 56 ta yirik zamonaviy sanoat va servis obyekti ishga tushirilib, 8,8 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratilgan.
Shuningdek, budjetdan ajratilgan 46 trillion soʻm hisobidan 385 ta maktab, 113 ta bogʻcha, 81 ta shifoxona, 7,5 ming kilometr yoʻl, 3,2 ming kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari qurilgan, taʼmirlanilgan va rekonstruksiya qilingan.
Prezident yangi loyihalarning mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishdagi ahamiyatiga toʻxtalib shunday dedi:
Biz xomashyo eksport qilgan davlatdan uni chuqur qayta ishlash zanjiri asosida tayyor mahsulotni jahon bozoriga olib chiqadigan iqtisodiyotga oʻtyapmiz. Eng muhimi, yangi korxonalar bilan birga zamonaviy texnologiyalar, yangi kasblar va yuqori malakali ish oʻrinlari ham paydo boʻlmoqda.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Marosimda yangi oʻquv yili arafasida ijtimoiy sohadagi qator obyektlar ham foydalanishga topshirilgani qayd etildi. Jumladan, 36 ta bolalar bogʻchasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy taʼlim muassasasi va 3 ta shifoxona ishga tushirilgan.
Taʼkidlanishicha, yangi obyektlar hisobiga 15 mingta ish oʻrni yaratilib, budjetga yiliga qoʻshimcha 1 trillion soʻm tushum tushishi taʼminlanadi.
Yangi Oʻzbekiston universitetining yangi majmuasi foydalanishga topshirildi
Yangi Toshkent hududida 10 gektar maydonda jahon standartlari asosida barpo etilgan Yangi Oʻzbekiston universitetining zamonaviy majmuasi ham foydalanishga topshirildi. Bu yerda 7 ming nafar talaba tahsil olishi uchun sharoit yaratilgan.
Universitetda Garvard universiteti bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Oksford universiteti bilan birgalikda davlat xizmatchilarining malakasini oshirish boʻyicha “Taʼlim xabi” tashkil etiladi.
Shu bilan birga, 1-oktabrdan Sunʼiy intellekt instituti ish boshlashi rejalashtirilgan. Bu institut mamlakatda sunʼiy intellekt sohasida kadrlar tayyorlash va tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 30 ming kvadrat metr maydonga ega besh qavatli yangi Milliy kutubxona ham zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan. Muassasa bir vaqtning oʻzida 1,5 ming nafar kitobxonga xizmat koʻrsata oladi. Bu yerda 28 dan ziyod oʻquv xonasi va zallar, turli sigʻimdagi konferensiya zallari tashkil etilgan hamda 200 mingdan ortiq kitob jamlangan.
Qarshida 400 milliard soʻmlik universitet barpo etildi
Qarshi shahrida 400 milliard soʻmlik Iqtisodiyot va pedagogika universitetining zamonaviy bino va inshootlari barpo etildi. Ushbu taʼlim muassasasida 3 ming nafar talaba tahsil olishi, 700 nafar aholi esa daromadli ish bilan taʼminlanishi koʻzda tutilgan.
Davlat rahbari yangi obyektlarni barpo etishda ishtirok etgan investor va tadbirkorlar mehnatini yuqori baholab, ularning mamlakat taraqqiyotidagi hissasini taʼkidladi:
Siz kiritayotgan har bir investitsiya Oʻzbekiston kelajagining poydevorini mustahkamlaydi. Siz yaratayotgan har bir ish oʻrni oilalar farovonligiga xizmat qiladi. Siz ishlab chiqarayotgan har bir mahsulot mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Marosim yakunida davlat rahbari ramziy tugmani bosib, 72 ta yirik investitsiya loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi.













Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.