Mehmonxonalar va turizm obyektlari soni yildan-yilga ortib bormoqda, ammo ularni xalqaro talablar darajasida boshqaradigan mutaxassislar yetishmaydi. Shu bo‘shliqni yopish uchun Namangan va Buxoroda Avstriya tajribasiga asoslangan ikkita kasbiy ta’lim markazi tashkil etiladi. Bu haqda Kasbiy ta’lim agentligi va Avstriyaning IMC Krems amaliy fanlar universiteti o‘rtasida imzolangan kelishuvda qayd etilgan.
Markazlar ikki texnikum negizida ishga tushadi
Hujjatga agentlik direktori Azimjon Husanov va universitetning bosh ijrochi direktori Udo Brendl Vena shahrida imzo chekdi. Markazlar Namangan viloyatidagi Chortoq tumani 1-son texnikumi hamda Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi negizida ochiladi.
Loyihaning dastlabki bosqichida avstriyalik ekspertlar ikki texnikum faoliyatini baholaydi va xalqaro standartlarga mos konsepsiya hamda yo‘l xaritasini ishlab chiqadi.
Agentlikning rasmiy e’loniga ko‘ra, loyiha bir necha yo‘nalishni qamrab oladi: mehmonxona va turizm sohasi uchun zamonaviy o‘quv dasturlarini yaratish; o‘qituvchi va trenerlar malakasini oshirish; dual ta’limni rivojlantirish va ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish; amaliy mashg‘ulotlar uchun zarur infratuzilma va jihozlarni aniqlash; ta’lim sifatini baholash tizimini joriy etish.
Amaliy darslar o‘quv dasturining katta qismini egallaydi
Markazlarda nazariyadan ko‘ra amaliyotga ko‘proq vaqt ajratiladi — o‘quv dasturlarining kamida 60 foizi amaliy mashg‘ulotlardan iborat bo‘ladi.
Buning uchun binolar qoshida o‘quv mehmonxonalari tashkil etiladi. Talabalar u yerda mehmonlarni kutib olish, xo‘jalik xizmatini yuritish va restoran ishini haqiqiy mehmonxona tartibiga yaqin sharoitda o‘rganadi.
O‘qituvchilar Avstriyada malaka oshiradi
Loyihaning muhim qismi — “Train-the-Trainer”, ya’ni trenerlarni tayyorlash modeli. Unga ko‘ra mahalliy o‘qituvchilar Avstriya tajribasi asosida o‘qitiladi va sertifikatlanadi.
Keyingi bosqichlarda talaba va pedagoglar uchun Avstriyada stajirovka o‘tash yo‘llari, shuningdek xalqaro sertifikatlash tartiblarini joriy etish rejalashtirilgan.
Alohida kelishuvlar asosida Avstriyada “Train-the-Trainer” dasturini tashkil etish hamda O‘zbekistonda mehmondo‘stlik va mehmonxona boshqaruvi bo‘yicha yangi xalqaro o‘quv dasturlarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Ta’lim sifatini ta’minlash va natijadorlikni baholash tizimini joriy etish ham loyiha shartlariga kiritilgan.
IMC Krems O‘zbekiston bilan avvaldan hamkorlik qiladi
IMC Krems turizm va mehmondo‘stlik yo‘nalishida 30 yildan ortiq tajribaga ega. Universitet Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan qo‘shma dasturlar yuritadi — hozirda 200 nafardan ortiq talaba Avstriya standartlari asosida tahsil olmoqda.
Yangi markazlar turizm sohasi uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, kasbiy ta’lim sifatini oshirish va bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
















