Ustaxonada yillar davomida ishlab, yoshlarga kasb o‘rgatib kelgan usta uchun endi asosiy hujjat malaka toifasi emas, kasbiy sertifikat bo‘ladi. Hukumat qarori bilan kasbiy ta’lim tashkilotlarining ishlab chiqarish ta’limi ustalariga malaka toifasi berish tartibi tugatilib, uning o‘rniga kasbiy sertifikat berish tizimi joriy etildi. Ya’ni o‘quvchilarga kasb o‘rgatadigan har bir usta belgilangan muddatlarda bilim va ko‘nikmasini sinovdan o‘tkazib turadi.
Malaka toifasi o‘rniga kasbiy sertifikat
Yangi tartibga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan ustalar har 5 yilda kamida bir marta majburiy tartibda sertifikatlashdan o‘tadi. Sertifikat 5 yil muddatga beriladi — muddat tugagach, usta yana sinov topshiradi.
Nodavlat texnikumlarda ishlayotgan ustalar uchun talab yumshoqroq: ular o‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari sertifikatlashdan o‘tishi mumkin. Hozirga qadar sertifikatlashdan o‘tmagan yoki endigina ishga kirgan ustalar esa ish faoliyatiga 1 yil to‘lgandan keyin majburiy sertifikatlashga jalb etiladi.
Tanlov g‘oliblariga sinovsiz sertifikat
Ba’zi ustalar uchun sinov talab qilinmaydi. O‘quvchilari xalqaro yoki respublika kasbiy tanlovlarida 1–3-o‘rinlarni egallagan ustalarga kasbiy sertifikat sinovlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi.
Usta sertifikatlash imtihonini o‘zi o‘tkazadigan amaliy mashg‘ulot yo‘nalishi bo‘yicha topshiradi. Bir nechta yo‘nalishdan dars beradigan bo‘lsa, o‘quv yuklamasi ko‘p bo‘lgan yo‘nalish tanlanadi; yuklamalar teng bo‘lsa — usta xohlagan bittasidan sinov topshirishi mumkin.
Sertifikatlashdan vaqtincha ozod qilingan toifalar
Majburiy kasbiy sertifikatlashga quyidagi ustalar vaqtincha jalb etilmaydi: Homilador hamda homiladorlik va tug‘ruq, bolani parvarish qilish ta’tillarida bo‘lgan ayollar — ta’til paytida va ishga chiqqandan keyingi 1 yil ichida; 3 yoshgacha bolasi bor ayollar; uzoq muddat davolanayotgan ustalar — davolanish davrida va ishga qaytgandan so‘ng 6 oy davomida; respublikaga yoki xorijga o‘qishga, malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslariga, stajirovkaga yuborilgan ustalar.
O‘qishga yuborilgan ustalar o‘qishdan ishga qaytgandan so‘ng navbatdagi kasbiy sertifikatlashga jalb etiladi.
Ikki bosqich va 100 ballik baholash
Sinovlar 2 bosqichda, jami 100 ballik tizimda o‘tkaziladi.
| Bosqich | Sinov yo‘nalishi | Maksimal ball |
|---|---|---|
| 1-bosqich | Nazariy bilimlar | 30 |
| 2-bosqich | Amaliy ko‘nikmalar | 70 |
Sertifikat olish uchun nomzod har ikkala bosqichning har birida kamida 70 foizdan to‘plab, umumiy 70 ball yoki undan yuqori natija ko‘rsatishi shart.
Majburiy sinovdan o‘ta olmagan ustaga bir marta qayta topshirish imkoniyati beriladi. Shundan keyin ham natija yetarli bo‘lmasa, mehnat shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi. Pedagog kadrlar uchun ham attestatsiya shunga o‘xshash 100 ballik tizimda o‘tkaziladi.
Ariza muddatlari va to‘lov tartibi
Sertifikatlash uchun ariza har yili ikki marta — 1-yanvardan 1-fevralga va 1-avgustdan 1-sentyabrga qadar davlat xizmatlari markazi yoki Kasbiy ta’lim agentligining onlayn platformasi orqali qabul qilinadi.
Navbatdagi majburiy sertifikatlash bepul. Navbatdan tashqari, ya’ni o‘z xohishi bilan topshirganda esa bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari — 1 million 320 ming so‘m miqdorida yig‘im olinadi. Davlat xizmatlari markazi yoki agentlik platformasi orqali murojaat qilinsa, to‘lovga 10 foiz chegirma qo‘llanadi.
Avvalroq litsey va texnikum xodimlarining yangi tarif stavkalari tasdiqlangani haqida yozgan edik.















