Hukumatning 2026-yil 17-sentabrdagi 499-son qarori bilan oliy ta'lim tashkilotlari talabalari o'rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish hamda iqtidorli talabalarni qo'llab-quvvatlash tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Nizom respublika va xalqaro olimpiadalarga tayyorgarlik jarayonlarini ham qamrab oladi. Qatnashchilarni ro'yxatga olish, jarayonlarni kuzatish va natijalarni shaffof e'lon qilish uchun yagona elektron axborot tizimi yuritiladi. Nazorat materiallarini ishlab chiqish, iqtidorli talabalar zaxirasini shakllantirish hamda tashkiliy jarayonlarni muvofiqlashtirish vazirlik huzuridagi Oliy ta'limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Respublika olimpiadalari bosqichlari
Reklama
- 1-bosqich — oliy ta'lim tashkilotlarida bakalavriat talabalari o'rtasida;
- 2-bosqich — vazirlik tomonidan belgilangan tayanch oliy ta'lim tashkilotlarida.
Har bir bosqichda 1-, 2- va 3-o'rinni egallagan g'oliblar keyingi bosqichga tavsiya etiladi.
Nazorat va apellyatsiya tartibi
Olimpiada o'tkaziladigan auditoriyalar videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi, jarayon davomida aloqa vositalari va qo'shimcha manbalardan foydalanishga yo'l qo'yilmaydi. Natijalar musobaqa o'tkazilgan kunning o'zida e'lon qilinadi.
Natijadan norozi ishtirokchilar natijalar e'lon qilingan kunning o'zida apellyatsiya komissiyasiga yozma murojaat qilishi mumkin.
Mukofot miqdorlari
Respublika fan olimpiadalari g'oliblari va ularning ustozlariga bir martalik pul mukofoti beriladi:
| O'rin | Talabaga | Ustoziga |
|---|---|---|
| 1-o'rin | 50 BHM | 25 BHM |
| 2-o'rin | 40 BHM | 20 BHM |
| 3-o'rin | 30 BHM | 15 BHM |
Xalqaro olimpiadalarda esa mukofotlar yana yirikroq:
| O'rin | Talabaga | Ustoziga |
|---|---|---|
| 1-o'rin | 100 BHM | 50 BHM |
| 2-o'rin | 75 BHM | 40 BHM |
| 3-o'rin | 50 BHM | 30 BHM |
Bazaviy hisoblash miqdori hozirda 440 ming so'm etib belgilangan — respublika olimpiadasining 1-o'rin g'olibiga 22 million so'm, ustoziga 11 million so'm to'lanadi.
Ustozlar uchun har oylik ustamalar
Xalqaro olimpiada g'oliblarini tayyorlagan ustozlarga lavozim maoshining 100 foizi, respublika fan olimpiadasining II bosqich g'oliblarini tayyorlagan ustozlarga esa 50 foizi miqdorida har oylik ustama to'lanadi.
Nufuzli xalqaro olimpiadalar ro'yxati vazirlik tomonidan tasdiqlanadi va har yili yangilanadi. Terma jamoalarni saralash, maqsadli tayyorlash va ishtirokini ta'minlash alohida reglament asosida amalga oshiriladi.
Oliy ta'lim tashkilotlari, davlat organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilgan holda qo'shimcha fan olimpiadalarini tashkil etish imkoniyati ham belgilandi. 2027-yil 1-yanvarga qadar kimyo va biologiya fanlaridan talabalar o'rtasida xalqaro fan olimpiadalarini tashkil etish choralari ko'riladi.
Xalqaro olimpiadalardagi natijalar haqida o'quvchilarning xalqaro olimpiadalarda 11 ta medal qo'lga kiritgani haqidagi maqolamizda ham yozgan edik.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring