Singapurda aholini muntazam kitob o'qishga rag'batlantirishga qaratilgan ReadSG milliy harakati ishga tushirildi. Harakat doirasida kuniga kamida 15 daqiqa kitob o'qigan va o'qiganini platformada qayd etgan ishtirokchilarga virtual tangalar beriladi.
Besh yillik harakat Singapur Milliy kutubxona kengashi tomonidan joriy etilib, taqdimotda davlat rahbari Tarman Shanmugaratnam ishtirok etdi. Sentabr oyi Milliy kitob o'qish oyi deb e'lon qilindi.
ReadSG Challenge sinov dasturi
Reklama
Harakatning asosiy qismi — ReadSG Challenge bo'lib, u davlat tomonidan yaratilgan CrowdTask SG platformasida ishlaydi. Dasturda shaxsiy maqsad belgilash, seriyalar (streak), tajriba ballari (XP) va almashtiriladigan virtual tangalar kabi imkoniyatlar mavjud. Shartlar oddiy: kuniga kamida 15 daqiqa o'qish.
Dastur sinov tariqasida 2026-yilning 6-sentabridan 31-dekabriga qadar davom etadi va 2027-yil sentabriga qadar 150 000 foydalanuvchini jalb etish maqsad qilingan. Sentabr–noyabr oylarida tanlangan tadbirlarda qo'shimcha mukofotlar ham beriladi.
Virtual tangalar qiymati
Dastur shartlariga ko'ra, kundalik o'qish maqsadini bajargan ishtirokchiga 20 ta virtual tanga beriladi. 1000 ta virtual tanga 1 Singapur dollariga teng — demak, faqat kundalik rag'bat hisobiga 1 dollar yig'ish uchun 50 kun davomida har kuni 15 daqiqadan o'qish kerak bo'ladi, bu jami 12,5 soat vaqtni tashkil qiladi.
Tashkilotchilarning ta'kidlashicha, maqsad katta miqdorda pul tarqatish emas — kichik rag'bat odamni o'qishga undashi, keyinchalik esa mukofotsiz ham o'qish odati shakllanishiga yordam berishi kerak.
Xayriya tashabbusi
ReadSG doirasida “Read for Good” xayriya tashabbusi ham ishga tushirildi: 2026-yilning 6-sentabridan 7-oktabriga qadar har kungi 15 daqiqa o'qish xayriyaga hissa qo'shadi. Maqsad — 7,5 million o'qish daqiqasi evaziga 150 000 dollargacha mablag' yig'ish va uni kam ta'minlangan oilalar farzandlariga qaratilgan kidsREAD, MINDS hamda Preschool Market loyihalariga yo'naltirish.
Kitobxonlik statistikasi
Milliy kutubxona kengashi ma'lumotlariga ko'ra, 2024-yilda o'tkazilgan tadqiqotda katta yoshli respondentlarning 89 foizi haftada kamida bir marta qandaydir matn o'qishi aniqlangan. Biroq haftada kamida bir marta kitob o'qiydiganlar ulushi faqat 28 foizni tashkil qilgan.
Bugungi raqamli dunyoda uzoq matnlarni o'qish har qachongidan ham muhimroq: bunday o'qish diqqatni, tanqidiy fikrlashni va tasavvurni mustahkamlaydi.
Melissa Tam, Singapur Milliy kutubxona kengashi bosh direktori
Kitobxonlikni rag'batlantirish bo'yicha Germaniyada yoshlarning kitob o'qishga qiziqishi pasaygani, shuningdek maktablardagi eng faol kitobxonlarga mukofot berilishi haqidagi maqolalarimizda ham yozgan edik.









Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring