Toshkentda AQShning Jorjtaun universiteti ekspertlari ishtirokida pedagoglar uchun uch kunlik xalqaro o‘quv-amaliy seminar boshlandi. Seminar hududiy pedagogik markazlardan tanlab olingan 50 nafarga yaqin mutaxassisni qamrab olgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi generativ sun’iy intellektdan dars jarayonida foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirishdir.
Jorjtaun va Avloniy instituti hamkorligidagi seminar
Tadbir Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Jorjtaun universiteti hamkorligida Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida tashkil etilgan. Dasturning ayrim sessiyalariga Google for Education mutaxassislari onlayn tarzda qo‘shiladi. Seminar Jorjtaun professor-o‘qituvchilari bilan o‘zbekistonlik pedagoglar o‘rtasida bilim va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Sun’iy intellekt darsga tayyorgarlikda qo‘llaniladi
Seminarning birinchi kunida generativ sun’iy intellektdan darsga tayyorgarlik ko‘rish, darslarni rejalashtirish hamda baholash topshiriqlarini yaratishda foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Mashg‘ulotlarni Jorjtaun universiteti professori Yanna Vovides va assistent Albina Yildiz olib boradi. Shuningdek, Google sun’iy intellekt vositalarini dars jarayonida qo‘llash imkoniyatlari amalda namoyish etiladi.
Bugun sun’iy intellekt ta’lim sohasiga ham jadal kirib kelmoqda. Shu bois yangi texnologiyalarni shunchaki o‘rganish emas, balki ulardan ta’lim sifati va pedagog faoliyati samaradorligini oshirishda maqsadli foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shahzodbek Kurbaniyazov, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori
Bu bir tomonlama bilim berish jarayoni emas. Bu - birgalikda o‘rganish, tajriba almashish va amaliy yechimlarni birgalikda ishlab chiqish jarayonidir. Bu yerda faqat biz sizlarga emas, sizlar ham o‘z tajribangiz orqali bizga yangi bilim berasiz.
Yanna Vovides, Jorjtaun universiteti professori
Uch kunlik dastur amaliy natija bilan yakunlanadi
Seminarning ikkinchi va uchinchi kunlari ta’limni loyihalash va onlayn kurslar ishlab chiqishga bag‘ishlanadi. Ishtirokchilar samarali promptlar tuzish, sun’iy intellekt yordamida topshiriqlar yaratish, qisqa o‘quv va mikroo‘qitish modullarini ishlab chiqish hamda baholash mezonlarini shakllantirish bo‘yicha amaliy ko‘nikma oladi. Dastur yakunida ishtirokchilar sun’iy intellekt savodxonligi bo‘yicha onlayn kursning dastlabki tuzilmasini ishlab chiqadi.
Bu yerda olingan bilim va tajriba shu auditoriyaning o‘zida qolib ketmasligi kerak. Uni hududlarda hamkasblar va tinglovchilarga yetkazish orqali bilimlar pedagoglarning kundalik faoliyatida o‘z aksini topishi lozim.
Dildora Xakimova, Avloniy instituti birinchi prorektori
Hamkorlik grant loyihasidan boshlandi
Markaz va Jorjtaun universiteti o‘rtasidagi hamkorlik 2025-yil oktyabrida boshlangan. O‘shanda markaz vakillari AQShga amaliy tashrif uyushtirgan edi. Keyinchalik universitetning Global Engagement Faculty Grants dasturi doirasida O‘zbekistonda raqamli ta’limni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyiha uchun grant ajratilgan.
Avloniy institutining xalqaro maydondagi faoliyati bundan oldin ham e’tiborga tushgan edi: u IEA Bosh Assambleyasiga a’zo bo‘lib, 55 davlat vakili tomonidan ma’qullangan edi.
















