Talabalarga ijara uy topib berish bilan shug'ullanadigan soha vakili Abror Zohidov talabalarga, xususan yigitlarga uy berish istalmashining sabablarini sanab o'tdi. Uning fikrlariga ko'ra, bunday holat ijara bozoridagi talab va taklif nisbati, kelishuvlarga rioya qilinmasligi hamda uy holati bilan bog'liq.
Mutaxassisning qayd etishicha, ijara bozorida talab taklifdan yuqori: mijoz joy qidiradi, uy egasi emas. Shu sababli xonadon egalari odatda oilaviy mijoz kelishini kutishadi.
Kelishuv va to'lovlar bo'yicha e'tirozlar
Reklama
Zohidovning kuzatuvlariga ko'ra, eng ko'p uchraydigan holat — 4 kishi turamiz deb kelishib, keyin 6-7, ba'zan 10 kishi bo'lib ketishi. Tekshiruvga kelgan uy egasiga yashovchilarni “bu mehmon” deb tushuntirish holatlari ham bo'ladi. Bunga jamoaviy javobgarlik ham qo'shiladi: yashovchilarning huquqlari teng bo'lgani uchun talabni aniq bir kishiga qaratib bo'lmaydi.
To'lov masalasida ham muammolar bor. Masalan, 4 kishi 300 dollarga yashashga kelishsa, bu summa chala-yarim undiriladi yoki nasiyaga aylanadi. Kommunal to'lovlar to'planib ketadi va ortidan qarzdorlik qoladi, uy ta'mirining buzilishi esa tabiiy hol sifatida qabul qilinadi.
Tozalik va qo'shnilar bilan munosabat
Alohida muammo — tozalik. Mutaxassisning yozishicha, xonadonda poyabzal va kiyimlar tartibsiz qolib ketadi, chiqindilar to'planadi, xonalar yig'ishtirilmaydi. Ish bilan band bo'lgan talabalar charchoq sabab uy ishlariga ham ulgurmaydi.
Muammolar xonadon doirasida qolmaydi: qo'shnilardan shikoyatlar tushadi, huquqni muhofaza organlari aralashadigan holatlar ham bo'ladi. Shartnoma tuzilgan taqdirda ham shartnomasiz yashayotgan ijarachilar topilishi mumkin — natijada asab buzilishi va jarima qo'shiladi.
Muallifning o'zi qo'shgan izoh
Zohidov bunday holatlar barcha talabalarga tegishli emasligini ham tan oladi. “Tushunaman, hamma unday emas. Tushunaman, talabalik sho’xlik davri. Lekin aziz yoshlar, uzr — achchiq haqiqat shu”, deb yozgan u. Bu — soha vakilining shaxsiy kuzatuvlari, rasmiy statistik ma'lumot emas. Talabalarga ijara to'lovining bir qismini qoplash tizimi joriy etilgani haqida alohida maqolada yozilgan.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.