Yotoqxona oʻrni yetishi taʼminlanmagan davlat oliygohi talabalari uchun ijara toʻlovining bir qismini qoplab berish tizimi mavjud. Bu — uy-joy muammosini yengillashtirishga qaratilgan davlat dasturi boʻlib, uning barcha shartlarini bilish juda muhim.
Tizim Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentyabrdagi 605-son qarori bilan tartibga solinadi — qarorning toʻliq matni bilan tanishish mumkin. Quyida kompensatsiya olishning aniq shartlari, miqdori va tartibi keltirilgan.
Kimlar uchun ijara toʻlovi qoplab beriladi
Kompensatsiya olish uchun talaba bir nechta talabga javob berishi kerak. Ulardan birortasi mos kelmasa, toʻlov berilmaydi.
- Yotoqxona bilan qamrab olinmagan boʻlishi shart. Yotoqxonada joy bor boʻlsa-yu, talaba ijaraga chiqib ketgan boʻlsa, kompensatsiya berilmaydi;
- Oʻziga yoki ota-onasiga tegishli boʻlmagan uyda ijarada turishi kerak;
- Davlat oliygohi talabasi boʻlishi shart — xususiy oliygoh talabalariga berilmaydi;
- Oʻzbekiston fuqarosi yoki respublikada doimiy yashayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlishi kerak, xorijiy davlat fuqarosiga berilmaydi;
- Faqat kunduzgi taʼlim shaklida oʻqishi shart. Kechki, masofaviy, sirtqi va qoʻshma taʼlim dasturlarida oʻqiyotganlarga berilmaydi;
- Roʻyxatga olingan doimiy yashash joyidan boshqa joyda — tuman, shahar miqyosida yashashi shart. Masalan, Samarqand shahrida roʻyxatda turgan talaba shahar ichidagi oliygohda oʻqisa, berilmaydi; Kattaqoʻrgʻon tumanidan kelgan talabaga berilishi mumkin;
- Davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida oʻqishning farqi yoʻq — ikkalasiga ham qoplab beriladi.
Oylik kompensatsiya miqdori
- Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, yaʼni 412 ming soʻm;
- Boshqa hududlarda — yarim baravar, yaʼni 206 ming soʻm.
Ijara shartnomasi majburiy
Kompensatsiya olish uchun ijara.soliq.uz saytida hisobga qoʻyilgan koʻchmas mulk ijara shartnomasi boʻlishi shart. Aks holda toʻlov berilmaydi.
Yagona istisno: 1-kurslarga dastlabki sentyabr va oktyabr oylari uchun ijara shartnomasi soʻralmasdan beriladi. Noyabr oyidan boshlab 1-kurslarga ham shartnoma talab etiladi.
Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba yashaganda, ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilishi shart.
Ahamiyatli: uyiga talabalarni ijaraga qoʻygan fuqarolar ijarasi uchun daromad soligʻidan ozod qilinadi (Soliq kodeksi, 378-modda, 19-1-bandi). Shuning uchun shartnomani rasmiylashtirishdan xavotir olmasa ham boʻladi — buning uchun soliq toʻlanmaydi.
Avvalo kimlarga beriladi
Kompensatsiya hamma talabalarga bir vaqtda berilmaydi, avvalo maʼlum toifalar moliyalashtiriladi:
- Ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlganlar;
- Oʻrnak koʻrsatgan va faol talabalar.
Qoidaga koʻra, ijara huquqi asosida yashaydigan davlat OTM talabalarining 60 foiziga kompensatsiya beriladi. Yaʼni limit toʻlib qolsa, hammaga byudjetdan toʻlab berilmasligi mumkin. Lekin yetmay qolgan talabalarga universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari orqali qoʻshimcha moliyalashtirish ham mumkin.
Ariza berish tartibi
Arizalar har oyning 7-sanasiga qadar onlayn topshirilishi kerak:
- kontrakt.edu.uz axborot tizimidan roʻyxatdan oʻtib, shaxsiy kabinetga kiriladi;
- Shaxsiy kabinetdan “Ijara toʻlovlari” boʻlimi tanlanadi;
- “Ariza yuborish” tugmasi bosiladi va ariza yuboriladi.
Qanday hollarda rad etiladi
- Soxta hujjat topshirilgan boʻlsa;
- Manzil mos kelmasa;
- Ariza muddatida berilmagan boʻlsa.
Komissiya ijara shartnomasini qalbakilashtirgan va notoʻgʻri maʼlumot taqdim etgan talabalar roʻyxatini shakllantirib boradi. Bu roʻyxatga tushgan talabalarga oylik toʻlov toʻxtatilishi mumkin. Rad etilgan taqdirda kamchilikni tuzatib, qayta murojaat qilish mumkin.
Toʻlov qachon toʻxtatiladi
Agar talaba akademik taʼtilga chiqsa, kursda qoldirilsa yoki safdan chetlashtirilsa — toʻlov toʻxtatiladi. Ijara shartnomasi bekor qilinsa yoki manzil oʻzgarsa, 3 ish kuni ichida xabar qilish kerak.
Tizim boʻyicha qoʻshimcha yangiliklar va 1-kurs talabalariga yotoqxona masalalari haqida yotoqxonaga joylashish uchun ariza berish haqidagi maʼlumotni ham koʻrish mumkin. Biz talabalar uchun moliyaviy qoʻllab-quvvatlash dasturlarini kuzatib, tahliliy yoritib boramiz.
Reklama

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.