2026/2027-o‘quv yilining kuz-qish mavsumida ta’lim muassasalarida xavfsizlikni ta’minlash va talabalarning yashash sharoitlarini nazorat qilish bo‘yicha profilaktik ishlar izchil davom ettirilmoqda. Shu maqsadda 5-oktabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi profilaktik uchrashuv o‘tkazdi.
Tekshiruvlar talabalar turar joylarida xavfsizlik talablari qanday bajarilayotganini aniqlash, kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish va talabalarga amaliy yordam ko‘rsatish uchun o‘tkaziladi.
1 983 ijara xonadoni va 3 250 talaba qamrab olindi
29-sentabr — 4-oktabr kunlari 48 ta oliy ta’lim tashkiloti tomonidan 1 983 ta ijara xonadon o‘rganildi hamda 3 250 nafar talaba bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida talabalarning yashash sharoiti, xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi va ijara shartnomalari bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ijara xonadonlarida yashovchi talabalarga yong‘in xavfsizligi va sanitariya qoidalari tushuntirildi.
Kuz-qish mavsumida asosiy xavflar
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kuz-qish mavsumida asosiy xavflar gaz va muqobil yoqilg‘idan foydalanish qoidalariga rioya qilmaslik, nostandart isitish moslamalaridan foydalanish, mo‘rilarning talab darajasida o‘rnatilmagani, elektr jihozlaridan noto‘g‘ri foydalanish hamda shamollatish tizimlarining berkitilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Shu bois ijara xonadonlarida nafaqat yashash sharoitini, balki gaz, elektr, isitish va yong‘in xavfsizligi holatini ham manzilli o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish muhim hisoblanadi.
Talabalarga gazdan zaharlanish, elektr tokidan zararlanish, yong‘in yoki boshqa favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda qanday harakat qilish va tegishli xizmatlarga murojaat etish tartibi muntazam tushuntirilishi lozim. Xavfsizlik qoidalariga oid profilaktik materiallar akademik va tyutorlik guruhlarida tarqatilib, talabalarning ular bilan tanishgani nazorat qilinadi.
Tyutorlar ijara manzillarini maxsus platformaga kiritadi
Uchrashuvda ijarada yashayotgan talabalar bilan ishlashda tyutorlarning mas’uliyatiga alohida urg‘u berildi. Har bir tyutor o‘ziga biriktirilgan talabaning qayerda va qanday sharoitda yashayotganini bilishi, uning yashash manzili va sharoitini joyiga chiqqan holda o‘rganishi zarur.
Tyutorlar talabalarning ijara manzillari va o‘rganish natijalari haqidagi ma’lumotlarni ijara.talaba.edu.uz platformasiga o‘z vaqtida va to‘liq kiritib borishi belgilandi. Har bir tyutor o‘ziga biriktirilgan talabalar bilan kamida bir marta maqsadli xavfsizlik muloqoti o‘tkazishi, gaz, elektr va isitish vositalaridan xavfsiz foydalanish qoidalarini tushuntirishi talab etiladi.
Talabalar xavfsizligi doimiy nazoratda bo‘ladi
Talaba hayoti va salomatligiga xavf tug‘diruvchi holat aniqlangan taqdirda rahbariyatga zudlik bilan axborot berilishi va zarur choralar ko‘rilguniga qadar holat nazoratda ushlanishi shart. Shuningdek, talabalar bilan ishlashda “Talababay” tamoyilini kuchaytirish muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Yig‘ilishda o‘rganishlar natijasi, berilgan tavsiyalarning bajarilishi va talabalar xavfsizligining keyingi holati muhokama qilindi. Kuz-qish mavsumida talabalar turar joylarida isitish tizimlari, yong‘in xavfsizligi va sanitariya talablari alohida e’tibor markazida turadi, nazorat tadbirlari mavsum davomida davom ettiriladi.
















