Kechki ta'limda o'qiyotgan talabalar ham talabalar turar joyiga joylashishi mumkin. Biroq buning ikki sharti bor va har ikkisi Vazirlar Mahkamasining 376-son qarorida belgilangan. InfoEdu.uz tushuntirishicha, qoida oddiy: avval kunduzgi ta'lim talabalari to'liq joylashtiriladi, shundan keyin bo'sh o'rin qolsagina kechki ta'limdagilarga navbat keladi.
Kunduzgi talabalar to'liq joylashmasdan navbat kelmaydi
Qarorda aniq yozilgan: turar joyga ehtiyoji bor kunduzgi ta'lim talabalar to'liq ta'minlanmasdan turib, boshqa shakldagi talabalarni yotoqxonaga joylashtirishga yo'l qo'yilmaydi. Demak, kechki ta'lim talabasi uchun birinchi yo'l — kunduzgilar joylashib bo'lgach, turar joyda bo'sh o'rin qolishi. Eslatib o'tamiz, yotoqxonaga ariza berish tartibi haqida avval batafsil yozilgan edi.
Reklama
Imtiyozli toifadagilarga ustuvor joy beriladi
Ikkinchi yo'l — imtiyozli toifaga kirish. Kechki ta'limda o'qiyotgan talaba belgilangan imtiyozli toifalardan biriga kirsa, unga ustuvorlik asosida yotoqxonadan joy beriladi. Ustuvor ro'yxatga quyidagilar kiradi:
- Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan talabalar;
- Ijtimoiy reyestr, Temir daftar va Ayollar daftariga kiritilgan oilalar farzandlari hamda Yoshlar daftarida turadigan talabalar;
- I va II guruh nogironligi bo'lgan talabalar;
- Bir oiladan bakalavriat kunduzgi shaklida ikki yoki undan ortiq to'lov-shartnoma asosida o'qiyotganlar;
- Xalqaro va respublika fan olimpiadalari g'oliblari;
- Yil talabasi va Talabalar teatr studiyalari tanlovlarining respublika bosqichi g'oliblari;
- Zakovat intellektual o'yinining respublika bosqichi g'oliblari;
- Talabalar turar joyida kengash raisi yoki qavat sardori bo'lgan talabalar.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.