Ishlaysiz-u, lekin diplom olishni ham xohlaysiz. Kunduzgi ta'limga vaqtingiz yo'q, sirtqi ta'lim esa yopilgan. Bunday vaziyatda yagona to'g'ri yo'l — kechki (smenali) ta'lim. Aynan ishlayotganlar uchun yaratilgan bu shakl mehnat faoliyatidan keyingi vaqtda o'qish imkonini beradi.
Necha o'rin va qancha muddat?
2026/2027-o'quv yilida bakalavriatning kechki ta'lim shakliga 28 942 ta qabul o'rni ajratilgan. Shundan 26 010 tasi o'zbek, 2 277 tasi rus va 655 tasi qoraqalpoq tilidagi ta'limga to'g'ri keladi.
Reklama
O'qish muddati kamida 4,5 yilni tashkil etadi. O'quv yili ikki semestrdan iborat bo'lib, mashg'ulotlar odatda haftasiga besh kun o'tkaziladi. Haftalik o'quv soati hajmi 20 akademik soat etib belgilangan.
Mashg'ulotlar qanday tashkil etiladi?
Mashg'ulotlar odatda kunduzgi smenadagi mehnat faoliyatidan keyingi vaqtda — ma'ruza, amaliy, laboratoriya va seminar shaklida o'tkaziladi. Talabalarning mehnat faoliyati smenasini hisobga olgan holda ayrim mashg'ulotlar kunning birinchi yarmida ham tashkil etilishi mumkin. Buning uchun tegishli miqdorda talabalar guruhi shakllangan bo'lishi kerak.
Eng qulay jihati — kechki ta'limda ish joyidan ajralmagan holda masofadan turib o'qish imkoniyati ham mavjud. Bunda ta'lim onlayn (videoma'ruzalar, konsultatsiyalar, nazoratlar real vaqt rejimida) va offlayn (o'quv-metodik materiallarni mustaqil o'zlashtirish) shaklida tashkil etiladi. Texnik ta'minotni oliy ta'lim muassasasi o'z zimmasiga oladi.
Amaliyot va diplom qanday bo'ladi?
Malakaviy amaliyotlar o'quv rejada belgilangan muddatlarda o'tkaziladi. Odatda, bitiruv malakaviy ishi oldidan o'tkaziladigan amaliyotdan tashqari boshqa amaliyotlar talabaning ta'lim yo'nalishiga mos keladigan ish joyida mustaqil ravishda o'tkazilishi mumkin. Agar talaba ishlamasa yoki ish joyi yo'nalishga mos kelmasa, amaliyot OTM tomonidan belgilangan tashkilotlarda o'tkaziladi.
O'quv rejasini to'liq bajargan va yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o'tgan bitiruvchiga "bakalavr" darajasi beriladi hamda davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom topshiriladi. Ya'ni kechki ta'limda o'qigan talabaning diplomi kunduzgidan farq qilmaydi.
Avvalroq kechki ta'limda o'qish jadvali haqida yozgan edik. InfoEdu.uz ta'lim shakllari bo'yicha yangiliklarni yoritishda davom etadi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.