Ishlaydigan, boshqa shaharda yashaydigan yoki vaqtini oqilona taqsimlamoqchi boʻlgan yoshlar uchun masofaviy taʼlim eng qulay variantlardan biri. Biroq bu shakl faqat kunduzgida mavjud boʻlgan yoʻnalishlar asosida tashkil etiladi. Hukumatning 2022-yil 3-oktyabrdagi 559-son qaroriga koʻra, oliy taʼlimda masofaviy taʼlim shakli joriy etilgan — bunda oʻqitish va bilim baholash jarayonlari toʻliq raqamli platformalar orqali olib boriladi.
Masofaviy taʼlimning eng katta afzalligi — geografik cheklov yoʻqligi. Talaba istalgan hududdan turib oʻqishda davom etishi, darslarga real vaqt rejimida yoki yozib olingan shaklda qatnashishi mumkin. Ammo buning ham oʻz qoidalari bor.
Masofaviy taʼlim yoʻnalishlari va qabul limitlari
Masofaviy taʼlim faqat kunduzgi taʼlim shaklida mavjud boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari asosida tashkil etiladi.
Qabulga aniq limit qoʻyilgan. Bunda bir yoʻnalishga qabul qilinadigan talabalar soni:
- Bakalavriat uchun 300 nafardan oshmasligi kerak;
- Magistratura uchun 30 nafardan oshmasligi kerak.
2025/2026-oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining masofaviy taʼlim shakliga umumiy qabul parametrlarining taʼlim yoʻnalishlari va oʻqitish tillari boʻyicha taqsimoti tasdiqlangan. Qaysi yoʻnalishlar boʻyicha qabul borligini bilish uchun 10 ta xususiy universitetning masofaviy taʼlimga qabul boshlagani haqidagi xabarga murojaat qilish mumkin.
Darslar sinxron va asinxron shaklda olib boriladi
Oʻqish davomiyligi kunduzgi taʼlim shakli bilan bir xil davomiylikda olib boriladi. Talaba diplomni xuddi shu muddatda oladi.
Oʻquv mashgʻulotlari ikki shaklda tashkil etiladi:
- Sinxron — real vaqt rejimida, jonli darslar;
- Asinxron — oldindan yozib olingan materiallar.
Yaʼni, talaba jonli darsga qatnasha olmasa, yozib olingan darsni qulay vaqtda koʻrib, bilimni mustahkamlashi mumkin. Bu ayniqsa ishlab, uzluksiz darsga ulgurishga qiynalganlar uchun katta qulaylik.
Yakuniy nazorat yuzma-yuz shaklda oʻtkaziladi
Masofaviy taʼlimda nazorat turlari ham maxsus belgilangan. Oʻquv mashgʻulotlari raqamli platformada oʻtsa-da:
- Yakuniy nazorat turlari;
- Davlat attestatsiyasi;
- Bitiruv malakaviy ishi himoyasi.
Bular anʼanaviy, yaʼni yuzma-yuz shaklda oʻtkaziladi. Demak, diplom uchun talaba oxirgi bosqichda jismonan kelishi shart. Buni oldindan bilish — rejalashtirishni osonlashtiradi.
Masofaviy taʼlim tanlamoqchi boʻlganlar uchun qabul limitlari, yoʻnalishlar roʻyxati va dars shakli boʻyicha maʼlumotni tartibli bilish juda muhim. Biz ushbu taʼlim shaklidagi yangiliklarni kuzatib, abituriyentlarga tahliliy yoritib boramiz.
Reklama

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.