Kirish imtihonida ball to‘plagan, lekin o‘qishga kira olmagan yoki tanlov bosqichida yo‘nalish tanlamagan abituriyentlar uchun vakant o‘rinlarga ariza topshirish imkoniyati ochiq. Qaysi yo‘nalishlarda o‘rin qolgani, kim qatnasha olishi va muddatlar qanday — eng ko‘p so‘raladigan savollarga javoblar.
Kimlar hujjat topshira oladi?
Kirish imtihonlarida ishtirok etib, minimal 56,7 va undan yuqori ball to‘plagan, biroq o‘qishga kira olmagan abituriyentlar vakant o‘rinlar uchun hujjat topshirishi mumkin. Bundan tashqari, qabulning tanlov bosqichida OTM va yo‘nalish tanlamagan abituriyentlar ham tanlash huquqiga ega.
Reklama
Yakuniy ro‘yxat ushbu PDF orqali batafsil ko‘rish mumkin.
Nechtagacha yo‘nalish tanlash mumkin?
Fanlar majmuangizga mos keladigan yo‘nalishlarda bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lsa, istalgan oliy ta‘lim muassasasidan 5 tagacha yo‘nalish tanlash mumkin. Ta‘lim shaklini ham o‘zingiz xohlagan tarzda belgilaysiz — kunduzgi, kechki yoki masofaviy.
Ariza qayerda va qanday topshiriladi?
Vakant o‘rinlar uchun ariza Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabinet orqali beriladi. Saytda maxsus bo‘lim mavjud — vakant o‘rinlar uchun ariza berish. Shaxsiy kabinetga kirib, o‘zingizga mos yo‘nalishni tanlab, arizani rasmiylashtirasiz.
Grantga kiramanmi yoki kontrakt bo‘yicha?
Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar to‘plagan ballari ketma-ketligiga qat‘iy rioya qilingan holda, bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya qilinadi. Ya‘ni vakant o‘rinlar grant asosida emas, kontrakt asosida taqsimlanadi.
Qabul qachongacha davom etadi?
Vakant o‘rinlar uchun arizalar 22-avgustdan 28-avgustgacha qabul qilinadi. Mandat e‘lon qilish esa muddat tugagach bir hafta ichida amalga oshiriladi, shuning uchun ariza topshirishni oxirgi kungacha qoldirmaslik tavsiya etiladi.
Nega tanlagan yo‘nalishda bo‘sh o‘rin chiqmayapti?
Ba‘zi yo‘nalishlarda kvota to‘lib bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bunday holatda qo‘shimcha o‘ringa qabul bo‘lmaydi — bo‘sh o‘rin faqat to‘lmay qolgan yo‘nalishlarda ochiladi. Shuning uchun biron yo‘nalishda mos o‘rin ko‘rinmasa, boshqasini ko‘rib chiqishingiz mumkin.
Qaysi yo‘nalishlarda o‘rin mavjudligini vakant o‘rinlarga kirish qoidalari ro‘yxatidan aniqlashingiz mumkin.
Ta’lim sohasidagi dolzarb yangiliklar uchun InfoEdu’ni kuzatib boring.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.