Maktabda rus sinflarga jismoniy tarbiya fanidan dars beradigan pedagog murojaat qildi: u 2021-yildan buyon ishlaydi, sinf rahbarligini so'ragan, biroq sinf berilmagan. Murojaatda rus sinflar umuman ruschani bilmaydigan o'qituvchilarga biriktirilgani ham aytilgan. Javobda sinf rahbarini tayinlash tartibi va rus sinfi uchun til talabi tushuntirib o'tildi.
Sinf rahbarini tayinlashni tartibga soluvchi hujjatlar
Sinf rahbari faoliyati Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining 2023-yil 27-iyundagi 190-son buyrug'i, 2025-yil 25-avgustdagi 308-son buyrug'i hamda 2025-yil 23-oktabrdagi 398-son buyruqlari bilan tartibga solinadi. Hujjatlarga ko'ra sinf rahbarlari maktabda asosiy ishchi sifatida faoliyat olib borayotgan hamda tegishli kasbiy va shaxsiy fazilatlarga ega pedagoglar orasidan tanlanadi.
Fan yo'nalishi bo'yicha cheklov belgilanmagan
Talablarda o'qituvchining qaysi fan o'qituvchisi ekani bo'yicha cheklov nazarda tutilmagan. Sinf rahbari ta'lim muassasasi direktori tomonidan lavozim yo'riqnomasida belgilangan mezonlarga javob beradigan o'qituvchilar tarkibidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Bunda direktor sinf rahbariga yuklatiladigan vazifalarni amalda bajara olish imkoniyatini ham hisobga olishi kerak.
Sinf rahbari zimmasidagi vazifalar
190-son buyruqning 2-ilovasi bilan tasdiqlangan lavozim yo'riqnomasining 8-bandi sinf rahbaridan o'quvchilar tarbiyasi bilan bog'liq ishlarni tashkil etishni, sinf faollari ishini yo'lga qo'yishni, o'quvchilarning ota-onalari bilan ta'lim-tarbiya masalalarida suhbatlashish va hamkorlik qilishni, pedagogik maslahatlar berishni talab qiladi. 9-bandda esa sinf rahbarining ota-onalar bilan telefon orqali bog'lanishi, o'quvchilar xulq-atvoridagi o'zgarishlar haqida ularni xabardor qilishi va zarur hollarda maktab rahbariyatiga axborot kiritish kabi majburiyatlari belgilangan.
Rus sinfida muloqot tili vazifalarni bajarishga ta'sir qiladi
Shu sababli rus tilida ta'lim oladigan sinfga rus tilini o'zlashtirmagan pedagogni sinf rahbari etib tayinlash maqsadga muvofiq emas, degan xulosa berildi. Sabab shuki, sinf rahbari o'quvchilar va ularning ota-onalari bilan samarali muloqot qilishi, tarbiyaviy ishlarni olib borishi va yo'riqnomada belgilangan majburiyatlarni to'liq bajarishi kerak. Pedagog rus tilini bilmasa, rus tilida ta'lim olayotgan o'quvchilar va ota-onalar bilan zarur darajada muloqot qila olmaydi, bu esa vazifalarni to'laqonli bajarishga jiddiy ta'sir qiladi.
Kelajak soati mashg'ulotlari sinf rahbari zimmasida
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining 2026-yil 21-avgustdagi 310-son buyrug'i bilan tasdiqlangan «Kelajak soatlari» konsepsiyasida bu mashg'ulotlar sinf rahbarlari tomonidan o'tkazilishi belgilangan. Mashg'ulotlar muloqot, muhokama, rolli vaziyat, debat va loyiha usullarida tashkil etilib, ularning mazmuni, tili va metodlari o'quvchilarning yosh xususiyatlariga mos bo'lishi kerak. Demak, sinf rahbari rus tilida ta'lim olayotgan o'quvchilar bilan nafaqat tashkiliy ishlarni olib boradi, balki tarbiyaviy mazmundagi suhbat, muhokama va debatlarni ham o'quvchilar tushunadigan tilda o'tkazadi.
Jismoniy tarbiya o'qituvchisiga berilgan javob
Murojaat qilgan pedagog oliygohning jismoniy tarbiya yo'nalishida rus tilida tahsil olgan, rus tilini o'zlashtirgan va hozirda rus sinflarda dars beradi. Shu bois rus tilida ta'lim oladigan sinf rahbarligini aynan shu pedagokka biriktirish maqsadga muvofiq deb hisoblangan. Sinf rahbarligini cheklash bo'yicha saytda avvalroq berilgan tushuntirish ham bor: yoshi yoki ma'lumoti sabab dars va sinfdan mahrum qilish kamsitish hisoblanadi.
















