O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Diniy-ma'rifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligi bo'yicha qabul tartibi belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining 18-sentabrdagi 503-son qarori bilan tasdiqlandi.
Qabul shartlari
- 2026/2027-o'quv yilidan boshlab o'qish muddati 1 yil etib belgilanadi;
- Ta'lim faqat kunduzgi shaklda olib boriladi;
- Qabul diniy-ma'rifiy sohada kamida 2 yillik ish stajiga (tajribasiga) ega mutaxassislar orasidan amalga oshiriladi;
- Nomzodlar Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda O'zbekiston musulmonlari idorasining tavsiyasiga asosan tanlab olinadi.
Imtihon va reyting tartibi
Qabul imtihonlari Din ishlari bo'yicha qo'mita taqdim etgan nomzodlar o'rtasida suhbat asosida, 100 ballik tizimda o'tkaziladi. Qabul natijasi suhbatda to'plangan ball hamda bakalavriat diplomining o'rtacha bali qo'shilgan holda reyting ketma-ketligida aniqlanadi.
Grant o'rinlari va qabul muddati
- 2026/2027-o'quv yili uchun mazkur mutaxassislikka istisno tariqasida vakant o'rinlar hisobidan 10 ta davlat granti o'rni ajratildi;
- Qabul 1-oktabrga qadar amalga oshiriladi.
Magistraturaga qabul bo'yicha magistratura uchun turdosh yo'nalishlar ro'yxati haqidagi maqolamizda ham yozgan edik.
Nomzodlarni saralash va hujjatlar
Nomzodlarni dastlabki saralash har yili 1-fevralga qadar tuziladigan idoralararo komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Bunda hududning boshqaruv kadrlariga bo'lgan ehtiyoji, nomzodning qonunchilik va siyosiy-huquqiy jarayonlardan xabardorligi, tashabbuskorligi, jamoa bilan ishlash ko'nikmalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishi hamda xorijiy tillardan birini bilishi kabi mezonlarga e'tibor qaratiladi.
Nomzodlar idoraviy komissiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- Oliy ma'lumot to'g'risidagi hujjat;
- So'nggi ikki yildagi faoliyati davomida amalga oshirgan ijobiy ishlari haqidagi ma'lumot;
- Ma'lumotnoma-obyektivka;
- Ilmiy daraja va unvonlari haqidagi ma'lumotlar (agar mavjud bo'lsa);
- Xorijiy tilni bilish bo'yicha belgilangan darajadagi sertifikat nusxasi.
Saralashdan o'tgan nomzodlar bilan iyun–iyul oylarida suhbat o'tkaziladi. Suhbatda diniy-ma'rifiy yo'nalishdagi bilim va huquqiy savodxonlik, boshqaruv va liderlik xususiyatlari, strategik va tahliliy fikrlash, tashabbuskorlik hamda innovatsion yondashuv, notiqlik va muloqot ko'nikmalari baholanadi.
Suhbat tartibi va apellyatsiya
Suhbat 100 ballik tizimda baholanadi — har bir yo'nalish bo'yicha 20 balldan beriladi. Suhbat jarayoni videotasvirga yozib olinib, kamida bir yil davomida saqlanadi.
Suhbat natijalaridan norozi bo'lgan nomzodlar natijalar e'lon qilingan kundan boshlab ikki ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya berishi mumkin. Apellyatsiya komissiyasi murojaatni uch ish kuni ichida ko'rib chiqadi. Keyingi o'quv yillarida qabul nizomda belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
















