Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi 498-son qarori bilan Bilim va malakalarni baholash agentligi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi. Hujjat Prezidentning 2023-yil 3-iyuldagi ma'muriy islohotlar doirasida oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to'g'risidagi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida qabul qilingan.
Hujjat Bilim va malakalarni baholash agentligi faoliyatini tartibga soladi.
Nizomda belgilangan asosiy masalalar
- Agentlik faoliyatini tashkil etish;
- Agentlikning huquq va majburiyatlari;
- Agentlik va uning markaziy apparatining vazifalari hamda funksiyalari;
- Agentlik faoliyati samaradorligini baholash mezonlari.
Ijro muddati va muvofiqlashtirish
Qaror bilan Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan.
Agentlik faoliyati yuzasidan huquqshunoslikdan milliy sertifikat imtihoni o'tkazilishi haqida ham yozgan edik.
Nizomda agentlik xodimlarining lavozim maoshiga oylik ustamalar, mukofotlar, rag'batlantirishlar va moddiy yordam berish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish bilan bog'liq to'lovlar tartibi ham belgilangan.
Xodimlarga oylik ustamalar
2026-yil 1-oktabrdan boshlab davlat byudjeti mablag'lari hisobidan ko'p yillik xizmati uchun rag'batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda lavozim maoshiga quyidagi koeffitsiyentlarda har oyda ustamalar to'lanadi:
| Xizmat staji | Koeffitsiyent |
|---|---|
| 1 yildan 3 yilgacha | 0,3 |
| 3 yildan 5 yilgacha | 0,6 |
| 5 yildan 10 yilgacha | 0,8 |
| 10 yildan 15 yilgacha | 1,0 |
| 15 yildan 20 yilgacha | 1,2 |
| 20 yildan yuqori | 1,5 |
2026-yil 1-oktabrga qadar esa quyidagi koeffitsiyentlar amal qiladi:
| Xizmat staji | Koeffitsiyent |
|---|---|
| 2 yildan 5 yilgacha | 0,1 |
| 5 yildan 10 yilgacha | 0,2 |
| 10 yildan 15 yilgacha | 0,3 |
| 15 yildan yuqori | 0,35 |
Byudjetdan tashqari mablag'lar hisobidan rag'batlantirish
- Xodimlar faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlariga ko'ra — lavozim maoshining (rag'batlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) 200 foizigacha miqdorda ustama;
- Samaradorlik va natijadorlik ko'rsatkichi 90 balldan yuqori bo'lgan xodimlarga Jamg'armani boshqarish kengashi qaroriga muvofiq har oylik qo'shimcha ustama miqdori belgilanadi;
- Ilmiy daraja uchun — fan nomzodi yoki tegishli fan yo'nalishlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) uchun lavozim maoshiga nisbatan 5 foiz, fan doktori (DSc) uchun 10 foiz miqdorida oylik ustama.
Choraklik mukofot
Xodimlarni choraklik yakuni bo'yicha oylik ish haqining bir baravaridan oshmagan miqdorda mukofotlash belgilangan. Bunda choraklik yakuni bo'yicha to'lovlar miqdori xodimlarning ish ko'rsatkichlari samaradorligiga qarab Agentlik direktori tomonidan belgilanadi.
















