Hukumatning 2026-yil 17-sentabrdagi 500-son qarori bilan Magistratura to'g'risidagi nizom tasdiqlandi. Hujjat oliy ta'lim tizimida magistratura bosqichida kadrlar tayyorlashni takomillashtirishni nazarda tutadi.
Nizomga ko'ra, 2026/2027-o'quv yilidan boshlab magistraturada kadrlar tayyorlash bakalavriat negizidagi aniq mutaxassislik bo'yicha nazariy bilimlar, fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot ishlari, shuningdek mutaxassislikka mos korxona va tashkilotlarda tadqiqot ishlari hamda amaliyotlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Tayyorlash muddatlari va ta'lim shakllari
- Ishlab chiqarish dasturiga yo'naltirilgan magistratura — kamida 1 yil;
- Ilmiy-pedagogik dasturga yo'naltirilgan magistratura — kamida 2 yil.
Ta'lim jarayoni magistratura mutaxassisligi o'quv rejalari va dasturlariga muvofiq kunduzgi, kechki yoki masofaviy ta'lim shakllarida tashkil etiladi. Magistraturada o'qish davomiyligini mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib muvofiqlashtirish Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuklatilgan. Dasturlar kasbiy standartlar asosida, kadrlar buyurtmachilari ishtirokida ishlab chiqiladi, ish beruvchi tashkilotlar talablari asosida magistrlarni maqsadli tayyorlash amalga oshiriladi.
Bitiruv ishlari va himoya tartibi
Amaliy dasturga yo'naltirilgan magistratura bitiruvchilari mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib loyiha ishi, konstruktorlik loyihasi, startap loyihasi, ratsionalizatorlik g'oyasi, amaliy-ijodiy asar yoki boshqa turdagi ishni tayyorlab himoya qiladi. Ilmiy-pedagogik dastur bitiruvchilari esa magistrlik dissertatsiyasini tayyorlaydi va himoya qiladi.
Magistrlik dissertatsiyasi bo'yicha ilmiy rahbar xulosasi hamda plagiatga yo'l qo'yilmaganini tasdiqlovchi ma'lumotnoma taqdim etiladi, dissertatsiya “Yashirin ekspert taqrizi”dan o'tkaziladi. Dissertatsiyaning mavzusi, qisqacha annotatsiyasi va himoya kuni oliy ta'lim tashkiloti veb-saytida e'lon qilinadi.
Scopus hamda Web of Science ma’lumotlar bazalarida bo‘lgan jurnallarda maqola e’lon qilgan magistratura talabalari belgilangan tartibda rag‘batlantirib boriladi.
Himoya ilmiy tadqiqot ishining xususiyatidan kelib chiqib oliy ta'lim tashkiloti, Fanlar akademiyasi yoki tegishli tarmoq ilmiy-tadqiqot yoxud ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etilishi mumkin. Oliy ta'lim tashkilotlarining o'zaro kelishuviga ko'ra dissertatsiyalarni ikki nafar talaba hamkorligida, fanlararo bog'liqlik asosida tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
Nizom tatbiq etilmaydigan ta'lim muassasalari
Nizom quyidagi ta’lim muassasalari va tashkilotlariga tatbiq etilmaydi:
- Odil sudlov akademiyasi;
- Davlat siyosati va boshqaruv akademiyasi;
- Bank-moliya akademiyasi;
- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi;
- Toshkent davlat yuridik universiteti;
- Oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlari.
Shunga o'xshash startap loyihalarni diplom ishi o'rniga himoya qilish tartibi haqida ham yozgan edik.
















