Xorijda o’qiyotgan talabalarga 1 500 dollargacha stipendiya beriladi

Xorijda tahsil olayotgan yoshlar uchun Vatandosh stipendiyasi tanlovi boshlandi. Kimlar qatnasha oladi va hujjatlar qachongacha qabul qilinadi — maqolada.

Xorijda o’qiyotgan talabalarga 1 500 dollargacha stipendiya beriladi

Xorijda tahsil olayotgan va o'z bilim hamda tajribasini O'zbekiston rivojiga yo'naltirmoqchi bo'lgan yoshlar uchun “Vatandosh stipendiyasi” tanlovi e'lon qilindi. G'oliblarga bir martalik grant beriladi.

Tanlovni “Vatandoshlar” jamoat fondi o'tkazadi, arizalar vatandoshlar.uz platformasi orqali qabul qilinadi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi xabar berdi.

Tanlov yo'nalishlari

Reklama

Tanlov 8 ta ustuvor yo'nalish bo'yicha o'tkaziladi:

  • Axborot texnologiyalari va raqamli innovatsiyalar;
  • Ekologiya va atrof-muhit;
  • Tibbiyot va sog'liqni saqlash;
  • Muhandislik, sanoat va energetika texnologiyalari;
  • Qishloq xo'jaligi va biotexnologiya;
  • Moliya, iqtisodiyot va biznes boshqaruvi;
  • Davlat boshqaruvi, huquq va xalqaro munosabatlar;
  • Ta'lim, ijtimoiy-gumanitar va madaniyat.

Har bir yo'nalishda bakalavriat va magistratura bosqichidan bittadan g'olib aniqlanadi — jami 16 ta stipendiya o'rni ajratilgan. Apellyatsiya natijalariga ko'ra qo'shimcha 4 ta o'rin taqsimlanib, stipendiyalar soni 20 taga yetkazilishi mumkin.

Kimlar ishtirok etishi mumkin

Nomzod O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bo'lishi, xorijiy davlatning rasman akkreditatsiyadan o'tgan oliy ta'lim muassasasida kunduzgi ta'lim shaklida tahsil olishi hamda tanlov yo'nalishlaridan biriga kiruvchi sohada o'qishi kerak.

Shartlardan biri — nomzod boshqa stipendiya dasturlarining stipendiatchisi bo'lmasligi. Jumladan, “El-yurt umidi” stipendiatlari tanlovda qatnasha olmaydi.

Bosqichlar bo'yicha talablar ham bor: bakalavriatda 2, 3 yoki 4-kurs talabalari qatnashadi, 1-kurs talabalari esa ishtirok eta olmaydi. Magistraturada kamida 1-kursda o'qiyotganlar, dastur davomiyligidan qat'i nazar, qatnashishi mumkin. Nomzod faqat bitta yo'nalish va bitta ta'lim bosqichi bo'yicha ariza topshiradi.

Loyihaga qo'yiladigan talablar

Loyiha O'zbekiston uchun aniq amaliy foyda keltirishi va real muammoni hal qilishi kerak, sof nazariy yoki mavhum g'oyalar qabul qilinmaydi. Bakalavriat bosqichida loyiha g'oya va amalga oshirish rejasi shaklida, magistraturada esa MVP — ishlaydigan prototip, sinov natijalari, dastlabki foydalanuvchilar ma'lumoti, tadqiqot natijalari yoki patent arizasi bilan taqdim etiladi.

Stipendiya miqdori va to'lov tartibi

Stipendiya bir martalik yagona grant sifatida tayinlanadi: bakalavriat bosqichi g'olibiga 1 000 AQSH dollari, magistratura bosqichi g'olibiga 1 500 AQSH dollari beriladi. Mablag' so'mda, to'lov kunidagi Markaziy bank kursi bo'yicha hisoblab, stipendiatning bank kartasiga o'tkaziladi.

To'lov ikki qismga bo'lib amalga oshiriladi: birinchi qism (summaning 50 foizi) bank rekvizitlari tasdiqlangan kundan boshlab 15 ish kuni ichida, qolgan qismi birinchi to'lovdan 6 oy o'tgach to'lanadi. Yakuniy natijalar e'lon qilinganidan so'ng 5 ish kuni ichida yozma apellyatsiya berish mumkin.

Tanlovda baholash 100 ballik tizimda o'tkaziladi:

Baholash mezoniBakalavriatMagistratura
Loyiha g'oyasi yoki MVP sifati2030
Amaliy foyda va dolzarblik2525
Amalga oshirish rejasi yoki innovatsion daraja2515
Taqdimot va hujjatlar sifati1010
Akademik o'zlashtirish (GPA)1010
Ijtimoiy faollik (volontyorlik)1010
Jami100100

Arizalar 30-sentabrgacha, shu kuni ham qabul qilinadi. Muddati o'tkazib yuborilgan yoki to'liq bo'lmagan hujjatlar ko'rib chiqilmaydi. Avvalroq Xorijdagi yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat granti ajratilgani haqida ham yozgan edik.

Xorijiy akkreditatsiyadan o'tgan oliy ta'lim muassasasida kunduzgi tahsil olayotgan O'zbekiston fuqarolari. Boshqa stipendiya dasturlari stipendiatchilari, jumladan “El-yurt umidi” stipendiatlari qatnasha olmaydi.
Arizalar vatandoshlar.uz platformasi orqali 30-sentabrgacha, shu kuni ham qabul qilinadi. Muddati o'tkazib yuborilgan yoki to'liq bo'lmagan hujjatlar ko'rib chiqilmaydi.
Bakalavriat bosqichi g'olibiga 1 000 AQSH dollari, magistratura g'olibiga 1 500 AQSH dollari beriladi. Mablag' so'mda, ikki qismga bo'lib to'lanadi: 50 foizi 15 ish kuni ichida, qolgani 6 oydan so'ng.

Reklama

Umidjon EsirgapovU
MUALLIFUmidjon EsirgapovInfoedu.uz asoschisi marketing va ta’lim sohasida 5 yillik tajribaga ega ekspert.

Izohlar (0)

Izoh yozish uchun tizimga kiring.

Hozircha izohlar yo‘q.

Birinchi bo‘lib izoh qoldiring

O'xshash maqolalar

Eng ko'p o'qilganlar