Markaziy bank bakalavriat va magistraturaning so'nggi bosqichida o'qiyotgan talabalar uchun maxsus stipendiya tanlovini e'lon qildi. Stipendiya miqdori BHMning kamida 3 baravari etib belgilangan. Bu bankning an'anaviy tanlovi, o'tgan yilgi shartlari haqida avvalroq batafsil yozilgandi.
Tanlovda kimlar qatnasha oladi
Tanlov faqat kunduzgi shaklda o'qiyotgan bitiruvchi kurs talabalari uchun. Yo'nalishlar ro'yxati keng: iqtisodiyot, makroiqtisodiyot, jahon iqtisodiyoti, statistika, moliya, bank ishi, buxgalteriya, sun'iy intellekt, dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi, yurisprudensiya, mediadizayn, o'zbek tili hamda tarjima nazariyasi va amaliyoti.
Reklama
Nomzodlarga qo'yilgan talablar
Nomzodlardan yuqori reyting, davlat tilini mukammal bilish hamda rus va ingliz tillarini kamida B2 darajada bilish talab etiladi. Qo'shimcha ustunlik beradigan jihatlar ham sanab o'tilgan:
- ACCA va boshqa xalqaro moliyaviy sertifikatlar;
- Big Data bilan ishlash ko'nikmasi;
- IELTS 7.0 va undan yuqori natija;
- Olimpiadalardagi yutuqlar.
Tanlov bosqichlari va muddatlari
Arizalar joriy yil 11-sentabrgacha bankning Telegram-boti orqali qabul qilinadi. Tanlov uch bosqichda o'tadi: 15-sentabr kuni masofaviy test, 16-sentabrda xorijiy tillarni bilish darajasini baholash, 18-sentabrda ekspertlar guruhi bilan suhbat.
Test mazmuni yo'nalishga qarab farqlanadi. Iqtisodiyot, bank ishi, moliya va statistika yo'nalishlariga makroiqtisodiyot va mantiqiy fikrlash savollari beriladi, qolgan yo'nalishlarga mantiqiy fikrlash va sohaga oid savollar tuziladi.
Stipendiatlar bank bo'linmalarida haftasiga 15 soatdan oshmagan holda amaliyot o'tash imkoniyatiga ham ega bo'ladi. Bu ishga kirish uchun eng yaxshi yo'l, savollar bo'yicha (71) 212-60-91 raqamiga murojaat qilish mumkin. Biz InfoEdu.uz da stipendiya tanlovlari bo'yicha har bir e'lonni tahliliy kuzatib boramiz.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.