Bandlik ko‘rsatkichi past oliygohlar boshqasiga qo‘shib yuboriladi

Yangi universitet ochiladimi, past bandlik ko‘rsatkichli oliygohlar nima bo‘ladi? Vazir anjumanda soha bo‘yicha pozitsiyani bayon qildi — tafsilot maqolada.

Bandlik ko‘rsatkichi past oliygohlar boshqasiga qo‘shib yuboriladi

Yangi universitet ochishni rejalashtirayotganlar uchun bu xabar kutilganidan farqli bo‘ldi. Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov 14-avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda hozircha yangi universitet ochishga ehtiyoj yo‘qligini ma’lum qildi.

Anjumanda vazirga so‘nggi yillarda xususiy universitetlarga litsenziya berish to‘xtatilgani va sohada raqobat kuchaygani haqidagi savol berildi. Javobida asosiy urg‘u sifatga qaratildi — mavjud oliygohlar sig‘imi mamlakatdagi ehtiyojni to‘liq qoplashga yetarli ekani ta’kidlandi, deya xabar bermoqda Zamon.uz.

Nega yangi universitet ochilmaydi?

Reklama

Vazirning hisob-kitobiga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 256 mingdan ko‘proq talaba tahsil olmoqda va mavjud oliygohlar sig‘imi buni ta’minlashga yetarli. Minimal ball chegarasidan yuqori natija ko‘rsatgan abituriyentlar o‘qishga kirishi mumkin, deya ta’kidladi u.

Shu bois yangi muassasalar ochish orqali sifatsiz ta’lim beradigan universitetlar sonini ko‘paytirishdan foyda yo‘q, degan xulosaga kelindi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, yangi oliygohlar ochilaversa, aynan sifatsiz ta’lim beradigan muassasalar ko‘payib ketishi mumkin.

Past bandlik ko‘rsatkichli oliygohlar nima bo‘ladi?

Vazirning ta’kidlashicha, oliy ta’limdagi raqobatning asosiy mezoni — bozor talablariga mos kadr tayyorlash va bitiruvchini ish bilan ta’minlash. Xususiy yoki davlat bo‘lishidan qat’i nazar, har bir oliygoh oldiga qo‘yiladigan eng katta talab aynan shu.

Agar bitiruvchilarning bandlik ko‘rsatkichi belgilangan darajadan past bo‘lsa, bunday oliygohlar boshqa universitetlarga qo‘shib yuborilishi yoki faoliyatini tugatishi mumkin. Shu bilan birga, xususiy va davlat oliygohlariga talabalarni qabul qilish, ta’lim yo‘nalishlarini belgilash va baholash bo‘yicha yagona talablar joriy etilmoqda.

Kasbiy ta’limga urg‘u kuchaymoqda

Yangi universitetlar ochilmasa-da, kasbiy ta’lim sohasi jadal rivojlanmoqda. Joriy yilda 100 ta texnikumni xalqaro darajaga olib chiqish rejalashtirilgan. Bunday muassasalar bitiruvchilari diplomi asosida nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning 70 dan ortiq davlatida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Vazir misol tariqasida payvandchilarning maoshini keltirdi — hozir ular kamida 1,5 ming dollar, xalqaro darajada esa 2 ming dollargacha topishi mumkin. Santexnik va elektriklarga ham yuqori maosh taklif qilinmoqda. Bu ko‘rsatkichlar ayrim oliy ma’lumotli mutaxassislarnikidan ham yuqori.

Texnikumdan keyin universitetga qaytish mumkin

Kasb-hunar egallash oliy ta’limdan voz kechish degani emas. Vazirning tushuntirishicha, texnikumni tugatgan yosh 2–3 yildan keyin oliy ta’lim olishni istasa, suhbat asosida universitetga kirib, o‘qishni ikkinchi bosqichdan davom ettirishi mumkin. Shu tariqa uzluksiz ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Ball past chiqqanlar uchun imkoniyatlar

Mandat natijalari e’lon qilinganidan keyin ko‘pchilikda oliy ta’limga kira olmaslik xavotiri paydo bo‘ldi. Vazirning aytishicha, joriy yilda abituriyentlarga birdaniga 5 ta universitetni tanlash imkoniyati berilgan, hatto yana bittasini qo‘shish taklifi ham ko‘rib chiqilgan. Bu imkoniyatlardan foydalanib ham kira olmasa, kasbiy ta’limni tanlash maqsadga muvofiq — 1–2 yildan so‘ng o‘z mutaxassisligi bo‘yicha oliy ta’limga o‘tish mumkin.

Past ball to‘plash ulushi ham yildan-yilga kamaymoqda. To‘rt yil avval abituriyentlarning 46 foizi minimal chegaradan past natija ko‘rsatgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 34 foizga tushgan. Hozir esa 74 foiz abituriyent 56,7 balldan yuqori to‘plamoqda. Aynan nega aynan 56,7 ball muhim ekani haqida avvalgi maqolamizda batafsil yoritilgan edi.

Joriy yilgi qabul parametrlari

Vazir qabul ko‘rsatkichlariga ham to‘xtaldi. Joriy yilda davlat budjetidan 36 mingta grant o‘rni va qariyb 200 mingta kontrakt o‘rni Iqtisodiyot va moliya vazirligi ehtiyojlaridan kelib chiqib belgilangan.

InfoEdu.uz orqali ta’limga oid eng muhim yangiliklarni muntazam kuzatib boring.

Vazirning fikricha, hozircha yangi universitetlar ochishga ehtiyoj yo‘q. Mavjud oliygohlar sig‘imi 256 mingdan ortiq talabani qamrab olishga yetarli, shu bois sifatsiz ta’lim beradigan muassasalar sonini ko‘paytirishdan foyda yo‘q.
Bitiruvchilarining bandlik ko‘rsatkichi belgilangan darajadan past bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari boshqa universitetlarga qo‘shib yuborilishi yoki faoliyatini tugatishi mumkin. Raqobatning asosiy mezoni — bitiruvchini ish bilan ta’minlash.
Ha. Texnikumni tugatgan yosh 2–3 yildan keyin oliy ta’lim olishni istasa, suhbat asosida universitetga kirib, o‘qishni ikkinchi bosqichdan davom ettirishi mumkin.

Reklama

Umidjon EsirgapovU
MUALLIFUmidjon EsirgapovInfoedu.uz asoschisi marketing va ta’lim sohasida 5 yillik tajribaga ega ekspert.

Izohlar (0)

Izoh yozish uchun tizimga kiring.

O'xshash maqolalar

Eng ko'p o'qilganlar