Beshta tumandan keltirilgan qizlar, xonadondagi yashirin hujra va oyiga 600 ming so'mlik "saboq" to'lovi. Farg'onada voyaga yetmagan qizlarga noqonuniy diniy ta'lim berib kelgan ayolning ishi oshkor bo'ldi.
Holat Bag'dod tumanida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining tezkor tadbiri davomida aniqlangan. 1987-yilda tug'ilgan, Nurafshon mahallasida yashovchi ayol o'z uyida hujra tashkil etib, qizlarga diniy saboq berib yurgan.
Hujrada kimlar yotib o'qigan?
Reklama
Qo'qon shahri, Uchko'prik, Yozyovon, Buvayda va Bag'dod tumanlaridagi oilalarning 41 nafar qizi ushbu hujrada yotib ta'lim olgan. Ularning orasida eng kichiklari — 5-6 yoshli, hali maktab ostonasini ham bosmagan bolalar bor edi.
Ota-onalar farzandlarining bu "ta'limi" uchun har oy 600 ming so'mdan to'lab kelgan. Ayolning o'zi esa na oliy ma'lumotga, na tegishli diplomga ega edi.
Qonun javobi qanday bo'ldi?
Ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 229²-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Hujrada o'qigan 41 nafar qizning ota-onalariga esa Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 47-moddasi 3-qismi asosida bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Ya'ni bu holat faqat saboq beruvchi uchun emas — farzandini noqonuniy ta'limga bergan ota-ona ham javobgarlikka tortilishi mumkinligini ko'rsatadi. Ma'lumot Farg'ona viloyati IIB kanali orqali e'lon qilindi. Avvalroq Farg'onada voyaga yetmaganlar bilan bog'liq holat haqida yozgan edik. InfoEdu.uz ta'lim sohasidagi qoidabuzarliklar bo'yicha yangiliklarni yoritishda davom etadi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.