Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida o'tkazilgan tezkor tadbirda 17 yoshli maktab o'quvchisi Rossiyadan yuborilgan jo'natmani qabul qilib olayotgan vaqtida qo'lga olindi. Xolislar ishtirokida ochilgan jo'natmadagi to'rtta konserva qutisiga 852,2 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi yashirilgani aniqlangan. Bu haqda Bojxona qo'mitasining rasmiy kanali xabar berdi.
Tezkor tadbir tafsilotlari
Bojxona qo'mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligining tezkor tuzilmalari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining mamlakatga noqonuniy olib kirilishini fosh etishga qaratilgan “xalqaro nazorat ostida yetkazib berish” tezkor-qidiruv tadbirini o'tkazgan. Tadbir davomida 2009-yilda tug'ilgan, ya'ni voyaga yetmagan shaxs jo'natmani qabul qilib olgan vaqtida qo'lga olingan.
Reklama
Xonadondan topilgan ashyoviy dalillar
Tezkor tadbir davomida o'smirning yashash xonadoni ko'zdan kechirilganda, u yerda narkotik moddalarni tarqatishga mo'ljallangan quyidagi buyumlar aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qo'yilgan:
- Elektron tarozilar;
- “zip” paketchalar;
- Izolentalar.
Narkotikning qiymati va huquqiy oqibat
Bojxona qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, aniqlangan 852,2 gramm gashish o'rta hisobda 60 ming dozadan ortiq bo'lib, ushbu hajmdagi narkotikning qora bozordagi qiymati qariyb 600 ming AQSh dollariga baholangan.
Holat yuzasidan Bojxona qo'mitasi tomonidan jinoyat ishi qo'zg'atilgan, tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlari davom etmoqda.
Ota-onalarga chaqiruv
Mutasaddilar ota-onalardan farzandlariga nisbatan e'tiborni susaytirmaslikni va ularni doimiy nazorat qilishni so'ragan. Xususan, farzandlarning ijtimoiy tarmoqlar orqali kimlar bilan muloqot qilayotgani hamda bo'sh vaqtini qanday o'tkazayotganiga jiddiy e'tibor qaratishga chaqirilgan.
maktab o'quvchilari va talabalarni narkotik testdan o'tkazish haqida avvalroq yozgan edik.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring