Ijtimoiy tarmoqlarda Termiz iqtisodiyot va servis universitetida tahsil olayotgan ayrim talabalarning o'qishini boshqa oliy ta'lim muassasalariga ko'chirish bilan bog'liq muammolari haqidagi murojaatlar tarqaldi. Universitet bu masala yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Universitetning rasmiy pozitsiyasi
Universitetning ma'lum qilishicha, talabalarning o'qishini boshqa oliy ta'lim muassasasiga ko'chirish jarayonlari amaldagi tartib va qonunchilik talablari asosida amalga oshirilmoqda. Joriy yilning avgust oyida yakuniy imtihonlardan yetarli ball to'play olmagan talabalar uchun qayta topshirish imtihonlari tashkil etilgan.
Reklama
- Natijalarga ko'ra GPA ko'rsatkichi belgilangan talablarga javob bergan va ko'chirish uchun zarur shartlarni bajargan 300 nafardan ortiq talabaga boshqa oliy ta'lim muassasasiga o'qishini ko'chirish uchun buyruqlar rasmiylashtirilib, ruxsat berilgan;
- Qayta topshirish imtihonlarida yetarli ball to'play olmagan talabalar akademik qarzdorliklarini belgilangan tartibda bartaraf etganidan so'ng navbatdagi qayta topshirish imtihonlarida qatnashishi uchun sharoit yaratiladi.
Talabalar murojaatlari
Murojaat qilgan talabalar esa o'qishni ko'chirish uchun belgilangan imtihonlardan yetarli ball to'plaganliklarini, shunga qaramay boshqa oliy ta'lim muassasasiga taqdim etish uchun zarur bo'lgan hujjatlarini olishda muammoga duch kelayotganliklarini bildirmoqda.
Ularning aytishicha, hujjatlar berilishida turli sabablar keltirilmoqda: GPA ko'rsatkichi pastligi, qayta topshirish imtihonlari natijalari baholanmagani hamda “HEMIS yopiq” ekani. Murojaat qilgan talabalardan biri universitetda o'zbek tilida 2-kursni tamomlab, o'qishini Termiz davlat universitetiga ko'chirgani va 3-kursga o'tishi kerakligini ma'lum qilgan.
Bir xil gap — faqat baza yopiq, deyishyapti.
Murojaat qilgan talaba
Talabalarning aytishicha, ularga hujjatlar 15-oktabrgacha rasmiylashtirib berilishi bildirilgan, biroq ular o'qishini ko'chirmoqchi bo'lgan oliy ta'lim muassasalari hujjatlarni 25-sentabrgacha olib kelishni talab qilmoqda. Shu sababli ular hujjatlarni belgilangan muddatda yetkazib bera olmaslikdan xavotirda.
Videomateriallar yuzasidan izoh
Universitet keyingi rasmiy munosabatida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomateriallar qariyb bir oy avval tasvirga olingan eski videolar ekani, ularda aks etgan holatlar bo'yicha murojaat qilgan fuqarolarning har biriga belgilangan tartibda transfer hujjatlari rasmiylashtirib berilgani, bugungi kunda bunday holatlar mavjud emasligi va o'quv jarayoni belgilangan tartibda davom etayotganini ma'lum qilgan. Jamoatchilikdan ijtimoiy tarmoqlardagi ma'lumotlarni tarqatishdan avval ularning haqqoniyligini aniqlash so'ralgan.
o'qishini ko'chirgan talabgorlar oliygoh bilan bog'lanishi haqida avvalroq yozgan edik.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring