Respublika miqyosida maktab o‘quvchilari va talabalarni narkotik iste’mol qilgan yoki qilmaganini aniqlash bo‘yicha test o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu yangi tizim sentyabr oyidan boshlab barcha maktab va universitetlarda joriy etiladi.
Samarqandda tashkil etilgan narkotahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro forumda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi raisi Ismatjon Azizov ushbu testlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, tekshiruvlar mahalliy ishlab chiqarilgan testlar yordamida amalga oshiriladi.
Prezidentning 207-sonli farmoni bilan mahalliy test “poloska”lar yaratilgan bo‘lib, ular oddiy va tezkor usulda ishlaydi:
- 16 turdagi narkotik moddani aniqlaydi – test bir vaqtning o‘zida 16 xil giyohvand moddaga nisbatan tekshiruv o‘tkaza oladi.
- So‘lak orqali tekshiradi – tilga tekkizish bilan 3 soniya ichida natija ko‘rinadi.
- Oddiy “poloska” formatida – har qanday sharoitda ishlatish mumkin.
Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, murakkabroq laboratoriya apparatlari ham ishlab chiqilmoqda. Ular soch tolasidan giyohvand modda iste’mol qilinganligini aniqlay oladi. Bu usul orqali 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan davrda giyohvand modda iste’mol qilganligi haqida ma’lumot olish, shuningdek, organizmdagi miqdoriy ko‘rsatkichni ham aniqlash mumkin bo‘ladi.
Yangi apparatlar hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Aprobatsiyadan so‘ng iyun oyidan boshlab ularni ommaviy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 15 ming 412 ta jinoyat va 1 ming 956 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan. Ularning 59 nafarini maktab o‘quvchilari, 124 nafarini esa talabalar tashkil etgan. Aynan shu ko‘rsatkichlar profilaktik choralarni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Yangi test tizimi nafaqat vaziyatni tezkor aniqlash, balki uzoq muddatli profilaktika va monitoring qilish imkonini ham beradi. Bu o‘z navbatida yoshlar orasida giyohvandlikning oldini olishga xizmat qiladi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.