Sirdaryo viloyati Guliston tumanida Damas rusumli avtomobil haydovchisi 16 nafar bog'cha tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan vaqtida yo'l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan to'xtatilgan. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Qoidabuzarlik nimalarda ifodalangan
Ma'lum qilinishicha, amaldagi Yo'l harakati qoidalariga ko'ra transport vositasining texnik pasportida ko'zda tutilganidan ortiq odam tashish holati aniqlangan. Damas rusumli avtomobil qoidalarni buzgan holda 16 nafar bog'cha tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan bo'lgan.
Reklama
Qo'llanilgan chora
Aniqlangan qoidabuzarlik yuzasidan haydovchi bilan profilaktik tushuntirishlar olib borilgan. Unga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 128⁸-moddasi bo'yicha ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobari miqdorida — 880 ming so'm jarima qo'llanilgan.
Kodeksning 128⁸-moddasi — “Transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish” — odam tashish qoidalarini buzish uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima solishni nazarda tutadi. Avtobus va mikroavtobuslarda ichki ishlar organlari hamrohligisiz odam tashish esa besh baravar miqdorda jarimaga sabab bo'ladi. Shuningdek, mazkur modda bo'yicha huquqbuzarlik sodir etgan haydovchiga jarima ballari ham hisoblanadi.
Ota-onalarga ogohlantirish
IIB ota-onalarni ham ogohlikka chaqirib, bunday qoidabuzarliklar yo'l-transport hodisalariga sabab bo'lishi mumkinligini eslatib o'tgan.
Shunga o'xshash holatlar
- May oyida Samarqand viloyati Jomboy tumanida Damas rusumli avtomobilda 28 nafar bog'cha bolasi tashilayotgani aniqlangan edi;
- Navoiy viloyati Nurota tumanida bog'cha bolalarini olib ketayotgan Matiz rusumli avtomobil yo'l-transport hodisasiga uchragan, mashinada 13 nafar bola bo'lgan;
- Andijon viloyatida o'tkazilgan maxsus reyd davomida haydovchi mikroavtobusda 58 nafar bolani tashiyotgani aniqlanib, unga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
bolalar bilan bog'liq avtomobil qoidabuzarliklari uchun javobgarlik haqida ham yozgan edik.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring