Jizzax viloyati Forish tumanida 11-sinf o'quvchisi piyodalar o'tish joyidan o'tayotgan 3-sinf o'quvchisini avtomobil urib ketishidan qutqarib qoldi. Uning jasorati tashakkurnoma va esdalik sovg'alari bilan e'tirof etildi.
Bu haqda Jizzax viloyati IIB rasmiy kanali xabar berdi. Kanaldagi xabarda hodisa “Yosh bolaning hayotini saqlab qolgan o'quvchi taqdirlandi” sarlavhasi bilan berilgan.
Voqea tafsilotlari
Reklama
Ma'lum qilinishicha, 10-sentabr kuni Forish tumani markazida fuqaro “Gentra” rusumli avtomashinasida harakatlanib, piyodalar o'tish joyiga yaqinlashgan. Shu vaqtda 3-sinf o'quvchisi belgilangan piyodalar o'tish joyidan yo'lni kesib o'tayotgan bo'lgan.
Haydovchi belgilangan tezlik me'yoridan oshgan holda harakatlanib, piyodaga yo'l bermasdan harakatini davom ettirgan. Holatni ko'rib qolgan Forish tumanidagi 1-umumiy o'rta ta'lim maktabining 11-sinf o'quvchisi Shahzod O'tkirov bir zumda harakat qilib, bolani avtomobil yo'lidan chetga olib chiqqan va baxtsiz hodisadan qutqarib qolgan.
Haydovchiga nisbatan chora
Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, uning boshqaruvidagi transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
O'quvchining taqdirlanishi
O'quvchining jasoratini rag'batlantirish maqsadida Forish tumani hokimi, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyati hamda bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari uning tahsil olayotgan maktabiga tashrif buyurgan.
O'quvchining ota-onasiga minnatdorchilik bildirilib, unga tashakkurnoma va esdalik sovg'alari tantanali ravishda topshirilgan.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring