Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatida maktab o‘qituvchisining voyaga yetmagan qizga nisbatan shilqimlik qilgani va 5 sutkaga qamalgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Sud tomonidan huquqiy baho berilgan
Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Rishton tuman sudi maktab o‘qituvchisini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topgan va unga nisbatan ma’muriy jazo tayinlagan.
Rasmiylarga ko‘ra, holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan va qonunchilik asosida tegishli qaror qabul qilingan.
Pedagogik kengashda muhokama qilingan
Bildirilishicha, ushbu voqea ta’lim muassasasining navbatdan tashqari pedagogik kengashida ham muhokama qilingan.
Muhokama yakunida pedagog tomonidan:
- ichki tartib-qoidalar;
- pedagog odobi;
- axloqiy-me’yoriy talablar
buzilgani inobatga olinib, unga nisbatan intizomiy chora qo‘llanilgan.
“Ta’lim tizimida o‘quvchilarning sha’ni, qadr-qimmati va xavfsizligini ta’minlash eng ustuvor vazifalardan biridir”, — deyiladi rasmiy munosabatda.
MMTB qat’iy munosabat bildirdi
Boshqarma ta’lim muassasalari jamoasi har qanday noo‘rin xatti-harakatlarni qat’iyan qoralashini va pedagog kasb etikasi talablariga zid holatlarga nisbatan murosasiz yondashilishini ta’kidladi.
Shuningdek, rasmiy ma’lumotga ko‘ra:
- mazkur o‘qituvchi oila qurmagan;
- xabarlarda tilga olingan voyaga yetmagan qiz ushbu maktab o‘quvchisi emas.
“O‘quvchilar manfaatlari, ularning huquqlari va xavfsizligi doimo ustuvor hisoblanadi”, — deyiladi bayonotda.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.