Buxoro viloyati Qorako'l tumanida 3 yoshli qizchaning o'limiga sabab bo'lgan oilaviy bog'cha rahbariga sud hukmi o'qildi. Sud uni 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi hamda 2 yil muddatga maktabgacha va maktab ta'limi tashkilotlarida ishlash huquqidan mahrum etdi — bu haqda Daryo nashri tanishgan sud hujjatida qayd etilgan.
Hodisa tafsilotlari
Hodisa 2025-yil 20-iyun kuni Qorako'l tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlaridan birida sodir bo'lgan. Sud hujjatiga ko'ra, 2022-yilda tug'ilgan qizchaning bog'chada ichi ketib, qorni og'riy boshlagan.
Reklama
Shunga qaramay, uni shifokorga ko'rsatish yoki ota-onasiga xabar berish o'rniga muassasa rahbari unga “Siprofloksatsin” dorisini bergan. Rahbar suddagi ko'rsatmasida bola ertalab soat 08:30 atrofida muassasaga kelganini, kun davomida uning ichi ketganini va tarbiyachilar kiyimlarini bir necha marta almashtirganini aytgan.
Soat 13:15 atrofida qizcha yig'lab uyg'ondi. Uning ichi yana ketgan va qorni og'riyotganini aytgandi. Tarbiyachi uni bir necha marta hojatxonaga olib bordi. Shundan keyin muzlatkichdan dori olib, tabletkaning bir qismini qizchaning tili ustiga qo'ygandim va suv ichirgandim. Dori bolaga yordam beradi, deb o'ylagandim.
Sud majlisidagi ko'rsatma
Oradan ko'p o'tmay qizchaning ahvoli og'irlashgan: u qusmoqchi bo'lgan, rangi o'zgargan, lablari ko'karib, jag'i qisila boshlagan. Muassasa rahbari uning og'zida qolgan dori bo'lagini olib tashlagan, so'ng tez yordam chaqirilgan.
- Tez yordam yetib kelguniga qadar rahbar va uning turmush o'rtog'i bolaga yordam berishga uringan;
- Keyin qizchani o'z avtomashinasida poliklinikaga olib ketishgan va yo'lda uchragan tez yordam mashinasiga topshirishgan;
- Bola Qorako'l tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.
O'lim sababi
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko'ra, qizchaning o'limiga qusuq massalari yuqori nafas yo'llarini berkitib qo'yishi natijasida yuzaga kelgan bo'g'ilish sabab bo'lgan. Ekspertlar marhumada o'limga olib kelishi mumkin bo'lgan boshqa kasalliklarning morfologik belgilari aniqlanmaganini ham qayd etgan.
Mutaxassislar bolada kasallik alomatlari paydo bo'lganda uni pediatr yoki infeksionist ko'rigidan o'tkazish, zarur tekshiruvlardan keyingina shifokor tavsiya qilgan dorilarni berish kerakligini bildirgan.
Sud hukmi
Sud jarayonida bog'cha rahbari aybiga iqror bo'lib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan, marhumaning yaqinlaridan kechirim so'rab, suddan yengillik berishni iltimos qilgan. Qizchaning otasi esa unga nisbatan moddiy va ma'naviy da'vosi yo'qligini bildirib, qonuniy jazo tayinlanishini so'ragan.
Sud hukmiga ko'ra, u Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni — kasb yuzasidan o'z vazifalarini lozim darajada bajarmaslikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 2 yil muddatga maktabgacha va maktab ta'limi tashkilotlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Bog'chalardagi xavfsizlik va javobgarlik masalasida avvalgi sud hukmi hamda ommaviy zaharlanish ishi haqida ham yozgan edik.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring