Namangan viloyati Uchqo'rg'on tumanidagi davlat bog'chalaridan birida 5 yoshli tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zo'ravonlik sodir etilgani ma'lum bo'ldi. Muassasaning ombor mudiri gumonlanuvchi sifatida ushlanib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo'llangan. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.
Ish bo'yicha qanday choralar ko'rilgan
Jinoyat ishi 12-sentabr kuni Uchqo'rg'on tumani IIB Tergov bo'linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi — o'n to'rt yoshga to'lmagan shaxsning nomusiga tegish — bilan qo'zg'atilgan. Gumonlanuvchi shu kunning o'zida protsessual tartibda ushlangan.
Reklama
Mavjud xabarlarga ko'ra, tergov ishi Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (o'ldirish yoki zo'rlik ishlatish bilan qo'rqitish) bo'yicha ham yuritilmoqda. Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda, ishning yakunlari va sud qarori keyinchalik ma'lum qilinadi.
Bolaga ko'rsatilgan yordam
Ijtimoiy himoya milliy agentligining xabariga ko'ra, holat ma'lum bo'lishi bilan tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari bolaning yashash xonadoniga yetib borib, vaziyatni birlamchi baholashdan o'tkazgan. Baholash natijasida bola yuqori xavf darajasida ekani aniqlangan.
- Markaz xodimlari ichki ishlar organlari va tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda bolaning hayoti va sog'lig'iga tahdid solishi mumkin bo'lgan omillarni bartaraf etish choralarini ko'rgan;
- Bolaga va uning onasiga psixologik, tibbiy va huquqiy yordam tashkil etilgan, zarur ijtimoiy xizmatlar ko'rsatilgan;
- Ayni vaqtda bola o'z oilasi bag'rida, ota-onasining qaramog'ida.
Hozirda bola va uning onasi psixologik, tibbiy va huquqiy yordam bilan qamrab olingan, shuningdek, zarur ijtimoiy xizmatlar tashkil etilgan. Ayni vaqtda bola o'z oilasi bag'rida, ota-onasining qaramog'ida.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabari
Bolalar ombudsmani mazkur ish yurituvida jabrlanuvchi bolaning qonuniy manfaatlari ta'minlanishini o'z vakolatlari doirasida kuzatib borayotganini ma'lum qilgan.
Javobgarlik qanday kuchaytirilmoqda
2026-yil 3-mart kuni ayollar va bolalarga nisbatan zo'ravonlik hamda tazyiqning oldini olishga qaratilgan farmon imzolangan. Hujjatda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo'ravonlik bilan bog'liq jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qator o'zgarishlar nazarda tutilgan.
Xususan, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab voyaga yetmaganlarga nisbatan ayrim og'ir jinsiy jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlangan shaxslarni manzil-koloniyalarga o'tkazish imkoniyatini cheklash belgilanmoqda. Shuningdek, bunday jinoyatlar ilgari sudlangan shaxs tomonidan takroran sodir etilgan holatlarda jazoni yanada kuchaytirish bo'yicha qonunchilikka o'zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.
Bog'chalardagi xavfsizlik va javobgarlik masalasi bo'yicha Buxorodagi sud hukmi, Andijondagi holat hamda ommaviy zaharlanish ishi haqida ham yozgan edik.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring