21-sentabr kuni “Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida” Prezident qarori — PQ-345-son — qabul qilindi. Hujjat 22-sentabrdan kuchga kirdi. Qaror bilan ish joyida tazyiq, zo'ravonlik, shahvoniy shilqimlik, ruhiy bosim, ta'qib va kamsitishning oldini olish, murojaatlarni xolis ko'rib chiqish hamda bunday holatlarni yashirishga yo'l qo'ymaslik bo'yicha yaxlit tizim joriy etilmoqda — qaror matni bilan tanishish mumkin.
Portal orqali ishlaydigan yangi tartib
2026-yil 1-dekabrgacha davlat organlari va tashkilotlari uchun “Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti” axborot portali ishga tushiriladi. U orqali tazyiq va zo'ravonlik holatlari bo'yicha murojaatlar onlayn qabul qilinadi, murojaatlarni ko'rib chiqish, dalillarni yig'ish, xulosa tayyorlash va tekshiruv natijalarini nazorat qilish jarayonlari raqamlashtiriladi.
Reklama
- Portaldagi tekshiruvlar, ularning natijalari va ko'rilgan choralar haqidagi ma'lumotlar saqlanadi, ularning yo'q qilinishiga yo'l qo'yilmaydi;
- Murojaatda ma'muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari bo'lsa, u “112” yagona dispetcherlik xizmati orqali vakolatli organlarga yuboriladi;
- Rahbar yoki mansabdor shaxs ustidan murojaat tushsa, masala tashkilotning yuqori turuvchi instansiyasiga avtomatik yo'naltiriladi — bu manfaatlar to'qnashuvining oldini olishga xizmat qiladi.
Murojaat qilgan xodim uchun kafolatlar
Qaror murojaat qilgan xodimning himoyasini alohida belgilaydi: shaxsiy ma'lumotlari himoya qilinadi va qonunchilikda nazarda tutilmagan hollarda oshkor qilinmaydi, murojaat uchun bosim o'tkazishga yo'l qo'yilmaydi. Xodim o'z huquqlarini himoya qilgani uchun ish sharoitlarini yomonlashtirish yoki uni jazolash ham taqiqlanadi.
Javobgarlik va tashkilotlar vazifalari
Qaror davlat organlari va tashkilotlariga aniqlangan jinsiy yoki jismoniy zo'ravonlik hamda shahvoniy shilqimlik holatlarini mehnat majburiyatlarini bir marta qo'pol buzish sifatida, tazyiq, ruhiy bosim, kamsitish va murojaat qilgani uchun ta'qib qilish holatlarini esa mehnat intizomini buzish sifatida baholashni tavsiya qiladi.
- Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari har yili qisqa trening kurslarida o'qitiladi;
- Har bir tashkilotda portalni yuritish va profilaktik treninglarni tashkil etish uchun kamida bir nafar mas'ul xodim belgilanadi;
- Nodavlat tashkilotlar uchun dmi.mehnat.uz tizimida bu imkoniyatlardan ixtiyoriy foydalanish sharoiti yaratiladi.
Ta'lim muassasalari xodimlarining huquqlari bo'yicha pedagog maqomi va kafolatlari, hisobot talab qilish bo'yicha cheklov va majburlash holatlari uchun javobgarlik haqidagi materiallarimizni ham o'qishingiz mumkin.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring