Homiladorlik va tug‘ish ta‘tili hamda bola parvarishidan qaytgan o‘qituvchilarga faqat ta‘tildan avvalgi dars soatlari beriladi degan qoida mavjud emas. Dars taqsimoti Nizomning 15-bandida belgilangan ustuvor ko‘rsatkichlar asosida amalga oshiriladi. Avvalroq darslarni adolatsiz taqsimlash oqibatlari haqida yozgan edik.
Nizom nima deydi
Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyunda ro‘yxatdan o‘tkazilgan 3271-sonli Nizomning 15-bandiga ko‘ra, dars soatlari setkasi Pedagogik kengash tomonidan ko‘rib chiqilib, har yili 15-sentabrga qadar quyidagi ustuvor ko‘rsatkichlar asosida taqsimlanadi: malaka toifasi, sertifikat, ish staji va boshqalar.
Reklama
Nizomning 19-bandida alohida qayd etilishicha, homiladorlik va tug‘ish ta‘tili hamda bola parvarishidan qaytgan o‘qituvchilarga dars soatlari mehnat qonunchiligiga asosan 15-bandda belgilangan ko‘rsatkichlar asosida taqsimlanadi.
Bu amalda nima degani
Dekret ta‘tilidan qaytgan o‘qituvchining darslari qayta taqsimlanadi. Agar uning ko‘rsatkichlari (toifasi, sertifikati, tajribasi) yuqori bo‘lsa, unga avvalgidan ham ko‘proq dars soatlari ajratilishi mumkin. Agar ko‘rsatkichlari pastroq bo‘lsa, avvalgidan kamroq soat olishi ham ehtimoldan xoli emas. Muhimi — “avval qancha bo‘lsa, shuncha qaytariladi” degan avtomatik qoida mavjud emas.
Bu shuni anglatadiki, dekret davrida malaka oshirish, sertifikat olish va o‘z ustida ishlash — dars soatlari hajmini saqlab qolish yoki oshirishning eng to‘g‘ri yo‘lidir.
Dars soati kamayib ketsa nima qilish kerak
Agar dekretdan qaytgan o‘qituvchining dars soatlari avvalgidan sezilarli darajada kamaysa va bu holat Nizom talablariga zid bo‘lsa, u Pedagogik kengashga murojaat qilish huquqiga ega. Kengash dars taqsimotini qayta ko‘rib chiqishi mumkin. Agar bu ham natija bermasa, tuman MMTB yoki kasaba uyushmasiga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Xodim dekret ta‘tilidan qaytganida uning darslari qayta taqsimlanadi va bu jarayon mehnat qonunchiligiga qat‘iy muvofiq ravishda amalga oshiriladi. Maktab direktori yoki Pedagogik kengash bu borada o‘zboshimchalik qilolmaydi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.