Umumta'lim maktabida dars soatlarini taqsimlashda maktabning joylashgan o'rni (olis hudud yoki shahar) emas, balki o'qituvchilarning kasbiy ko'rsatkichlari asos qilinadi. Tartib O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyunda 3271-son bilan ro'yxatdan o'tkazilgan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro’yxatlarini shakllantirish tartibi to’g’risida”gi nizomning 15-bandi bilan belgilangan.
Nizomga ko'ra, dars soatlari setkasi umumta'lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida ko'rib chiqiladi va har yili 15-sentabrga qadar o'qituvchilarga ustuvorlik ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.
Ustuvorlik ketma-ketligi
Reklama
- Oliy malaka toifasiga ega o'qituvchilar (attestatsiyadan o'tganlik sertifikatining amal qilish muddatiga ko'ra);
- Dars beradigan fanidan ustama belgilashda qo'llaniladigan milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega o'qituvchilar (sertifikatning darajasi va amal qilish muddatiga ko'ra);
- Birinchi malaka toifasiga ega o'qituvchilar;
- Ikkinchi malaka toifasiga ega o'qituvchilar;
- Oliy ma'lumotli toifasiz o'qituvchilar;
- Qayta tayyorlash bo'yicha diplomga ega o'qituvchilar;
- O'rindoshlik asosida ishlayotgan oliy ma'lumotli o'qituvchilar;
- Oliy ta'lim muassasalarining pedagogika yo'nalishi bo'yicha uchinchi va undan yuqori kurs talabalari;
- Oliy ma'lumotli o'qituvchilar bilan ta'minlanguniga qadar o'rta maxsus, professional ma'lumotga ega o'qituvchilar (faqat boshlang'ich sinflarda dars beruvchilar uchun);
- Oliy ma'lumotli o'qituvchilar bilan ta'minlanguniga qadar umumta'lim muassasasining tegishli mutaxassisligi bo'yicha rahbar xodimlari.
Ya'ni fan bo'yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega o'qituvchi ketma-ketlikda birinchi va ikkinchi malaka toifali hamkasblaridan yuqori turadi. Ustuvorlik mezoni sertifikatning darajasi va amal qilish muddati bilan aniqlanadi.
Bir nechta ko'rsatkich bo'lganda
Nizomning 16-bandida qo'shimcha qoidalar belgilangan: o'qituvchi bir nechta ko'rsatkichga ega bo'lsa, ko'rsatkichlarning eng ustuvori inobatga olinadi. Aynan bir xil ko'rsatkichlarga ega bir nechta o'qituvchi bo'lsa, dars soatlari ular o'rtasida teng taqsimlanadi.
Ustuvorlikka ega o'qituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etiladi. Maksimal dars soati olish imkoniyatiga ega o'qituvchining yozma roziligi bilan unga ajratilishi mumkin bo'lgan soatlar boshqa o'qituvchilarga berilishi mumkin. Pedagogik kengash dars soatlarini qayta taqsimlashi ham mumkin.
Amaliy misol
Faraz qilaylik, maktabda ona tili va adabiyot fanidan 4 nafar o'qituvchi ishlaydi: biri birinchi toifaga, biri ikkinchi toifaga ega, birida faqat fan sertifikati bor, yana birida esa ham sertifikat, ham ikkinchi toifa mavjud. Bunday holatda ketma-ketlik quyidagicha ko'rinadi: sertifikatga ega ikki o'qituvchi ro'yxatning ikkinchi bandi bo'yicha, birinchi toifali o'qituvchi uchinchi band bo'yicha, ikkinchi toifali o'qituvchi esa to'rtinchi band bo'yicha turadi.
Ikki o'qituvchida ham sertifikat bo'lgani uchun ular o'rtasidagi ustuvorlik sertifikatning darajasi va amal qilish muddatiga qarab aniqlanadi. Agar ko'rsatkichlar aynan bir xil bo'lsa, dars soatlari ular o'rtasida teng taqsimlanadi. Dars taqsimoti mezonlari qisqartirilgani haqida avvalroq yozilgan edi, darslarni adolatsiz taqsimlash uchun javobgarlik esa bu materialda ko'rsatilgan.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring