Belgiyaning fransuz tilida so‘zlashuvchi hududlarida ta’lim xarajatlari oshgani sababli o‘quvchilar va talabalar norozilik namoyishlariga chiqdi. Oktyabr boshida Lyej shahrida boshlangan aksiyalar bir necha kunga cho‘zilib, tartibsizliklarga aylanib ketdi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr boshidan buyon Lyejda jami 107 kishi qo‘lga olingan. Ularning 80 nafari ma’muriy, 27 nafari esa sud tartibida hibsga olingan, deya xabar berdi Anadolu agentligi.
Ta’lim xarajatlarining o‘sishi norozilik sababi bo‘ldi
Norozilik avvalo fransuz tilida ta’lim beruvchi hududlarda ta’lim qimmatlashgani bilan bog‘liq. Yoz oylarida talabalar uchun kontrakt to‘lovi 835 yevrodan (taxminan 11 million so‘m) 1 194 yevrogacha (qariyb 16 million so‘m) ko‘tarilishi belgilangan edi.
Aksiyalar Belgiyaning fransuz tilida so‘zlashuvchi qismida e’lon qilingan ta’lim islohotlari va budjet mablag‘larini tejash choralariga qarshi qaratilgan. O‘qituvchilar ham bu islohotlarga noroziligini bildirgan.
Namoyishchilar jamoat transporti obunalari narxi oshgani, sinflarning haddan tashqari gavjumligi, dars jadvalidagi yuklama hamda o‘quv materiallarini olishdagi qiyinchiliklarni ham tilga oldi.
Lyejda tartibsizliklar va qo‘lga olishlar
6-oktabr kuni Lyejda norozilik avj oldi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, o‘sha kunni o‘zida 53 kishi ushlangan, ulardan 46 nafari ma’muriy, 7 nafari sud tartibida hibsga olingan.
Kechqurun ayrim guruhlar shahar markazidagi do‘konlar oynalarini sindirgan, sud saroyiga zarar yetkazgan va ko‘chada o‘t qo‘ygan. Politsiya qo‘shimcha kuch tortgan, 18 nafar xodim yengil jarohat olgan.
Maktablarning ehtiyot choralari
Namoyishlar davomida Lyej maktablari ochiq qoldi, ammo binolar nazorat ostiga olindi. Ota-onalar farzandlarini ertalab olib kelishi so‘ralgan, o‘quvchilarga tushlik paytida maktabni tark etishga ruxsat berilmagan.
Lyej shahri hokimi Villi Demeyer yoshlar noroziligini tinch yo‘l bilan ifoda etishi va ularning muammolari tinglanishi kerakligini ta’kidlagan.
Belgiya ta’lim tizimining tuzilishi
Belgiyada yagona milliy o‘quv dasturi mavjud emas. Ta’lim til jamoalari tomonidan mustaqil boshqariladi: niderland tilida so‘zlashuvchi Flandriya o‘z tizimini, fransuz tilida so‘zlashuvchi Valloniya esa o‘z dasturini belgilaydi.
Ikki tilli Bryusselda ota-onalar farzandini qaysi til jamoasi maktabiga berishni o‘zlari tanlaydi. Shu sababli islohot va moliyalashtirish masalalari hududlar kesimida turlicha hal qilinadi.
Fransiyada ham talabalar noroziligi davom etmoqda
Shunga o‘xshash aksiyalar qo‘shni Fransiyada ham kuzatilmoqda. Lyejdagi namoyishlar fransuz tilida so‘zlashuvchi hududlarda ta’lim xarajatlari oshishiga qarshi o‘tkazilgan norozilikning davomi hisoblanadi.
Rasmiylar vaziyatni yumshatish va yangi tartibsizliklarning oldini olishga harakat qilmoqda. Norozilik aksiyalari hafta davomida bir necha shaharda davom etishi mumkinligi aytilmoqda.
















