XX asr boshlarida universitet talabasining kundalik kiyimi bugungidan ancha rasmiy bo'lgan. Vaqt o'tishi bilan kostyum va galstuklar o'rnini kundalik va qulay kiyimlar egalladi, biroq ayrim mamlakatlarda milliy liboslar va universitet an'analari hamon saqlanib qolgan. Quyida turli mamlakatlar misolida talabalar qiyofasidagi bu o'zgarishlar keltirilgan.
Buyuk Britaniya
Oxford va Cambridge kabi qadimiy universitetlarda kostyum, galstuk, pidjak va akademik kiyim (mantiya) universitet hayotining muhim qismi hisoblangan. Buni Oxford universitetining Keble College arxivida saqlanayotgan bir talabaning 1908–1912-yillardagi xarajatlari ham ko'rsatadi: Alwyn Ronald Macfarlane-Grieve ismli talabaning xarajatlari orasida ko'ylak, yoqa, galstuk va pidjak qayd etilgan.
Reklama
Bugungi Oxfordda kundalik kiyinish uchun yagona forma mavjud emas, biroq rasmiy marosimlarda akademik kiyim kiyish odati hanuzgacha saqlanib qolgan.
AQSH
AQSH universitetlarida ham XX asr boshlarida talabalar kiyimi ancha rasmiy bo'lgan. Harvard universitetining tarixiy materiallarida XVII–XVIII asrlarda talabalar kiyimi bo'yicha turli cheklovlar mavjud bo'lgani qayd etilgan: haddan tashqari bezakli kiyimlar, oltin va kumush bezaklardan foydalanish cheklangan, talabalarning soch turmagiga ham e'tibor qaratilgan.
Keyinchalik kampuslarda kiyinish uslubi asta-sekin erkinlasha boshlagan. Bunga Prinston universiteti arxividagi misol yorqin: 1920-yil 21-aprelda bir guruh talabalar kampusda jinsi kiyim kiyib ko'rgan. O'sha paytda jinsi kiyim hali odatiy talaba kiyimiga aylanmagan edi, ammo keyingi o'n yilliklarda jinsi, futbolka va sport poyabzali keng ommalashgan. Bugungi Harvard kampusida yagona kiyinish uslubi yo'q.
Hindiston va Xitoy
Hindistonda XX asr boshlarida sari, kurta va boshqa an'anaviy kiyimlar keng qo'llangan, mustamlaka davrida esa Yevropa uslubidagi kiyimlar ham ta'lim olgan yoshlar orasida uchragan. Bugun Hindiston universitetlarida milliy liboslarni zamonaviy kiyimlar bilan birga uchratish mumkin.
Xitoyda talabalar kiyimi XX asr davomida mamlakatdagi katta ijtimoiy va madaniy o'zgarishlar bilan birga o'zgargan: avval Zhongshan yoki Mao kostyumi keng tarqalgan bo'lsa, keyingi davrlarda G'arb uslubidagi kiyimlar, bugungi kampuslarda esa jinsi, futbolka va sport poyabzali keng uchraydi.
Janubiy Koreya
Janubiy Koreyada bu o'zgarishni Ewha Womans University arxividagi materiallar ko'rsatadi: 1908-yildagi bitiruv marosimiga oid suratlarda oq hanbok kiygan qizlar aks etgan. Bugungi universitetlarda talabalar kundalik kiyimda yuradi, hanbok esa milliy va tantanali tadbirlarda o'z ahamiyatini saqlab qolgan.
Umumiy tendensiya
- Avval kiyim ko'pincha ijtimoiy mavqe, universitet an'anasi yoki milliy madaniyatni ko'proq aks ettirgan;
- Bugungi kampuslarda qulaylik va shaxsiy uslub muhimroq o'rin egallaydi;
- Jinsi, futbolka, xudi, krossovka va sport kiyimlari dunyo bo'ylab ommalashgan;
- Shu bilan birga rasmiy marosimlar va milliy bayramlarda an'anaviy kiyim shakllari saqlanib qolgan.
O'zbekistonda ham talabalar kiyinishiga oid talablar yumshatilgan: Oliy ta'lim vazirligining talabalarga forma majburiy emasligi haqidagi izohi va o'quvchilar uchun yagona maktab formasi talabining bekor qilinishi haqida yozgan edik.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring