Milliy sertifikat imtihonida qatnashish uchun ariza berishga ulgurmagan talabgorlar ro'yxatdan o'tish yakunlangan kundan keyin yana ariza topshirish imkoniyatiga ega bo'ladi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lum qildi.
Limitlar va to'lov masalasi
So'nggi kunlarda milliy sertifikat imtihoniga ro'yxatdan o'tish qisqa fursatlarda yopilgani va belgilangan limit bo'yicha murojaatlar ko'paygani sababli agentlik bir qancha savollarga javob berdi. Agentlik mutaxassislarining tushuntirishicha, limitlar avvalgi imtihonlar statistikasidan kelib chiqib belgilanadi: masalan, birinchi yarim yillikda tarix fanidan 50 ming nafar abituriyent imtihon topshirgan bo'lsa, ikkinchi yarim yillikdagi imtihon uchun 60 ming nafar talabgor uchun joy belgilangan.
Reklama
Oktyabr oyida bo'ladigan sertifikat imtihoniga ro'yxatdan o'tgan talabgorlarning 60 foizi hali to'lov qilmagan. Faqat ariza topshirib, to'lovni amalga oshirmaganlar hisobiga belgilangan limit tez to'lgan va ariza berish yopilgan. Ya'ni ro'yxatdan o'tganlarning barchasi to'lov qilishiga kafolat yo'q — ayrimlar shunchaki ro'yxatdan o'tib qo'ygan bo'lishi mumkin.
Avvalgi imtihonlar tajribasida ham bu holat kuzatilgan. Juda ko'plab talabgorlar ro'yxatdan o'tadi, lekin ko'plarning arizasi to'lovni amalga oshirmagani uchun bekor qilinadi. Bundan tashqari, limit belgilangani uchun ham bir kundayoq joylar to'ldi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi mutaxassisi
Bo'sh o'rinlarga qayta ariza berish tartibi
Agentlik to'lovni amalga oshirish muddati yakunlangandan keyin bo'sh qolgan o'rinlar uchun ariza berish imkoniyatini qayta ochishni rejalashtirgan. Bu haqda ariza berish ochilishidan bir kun avval e'lon qilinadi.
- To'lovni amalga oshirmagan talabgorlarning arizasi bekor qilinadi;
- Bo'sh qolgan o'rinlar uchun qayta arizalar qabul qilinadi;
- Masalan, o'zbek tili va adabiyoti fanidan to'lov qilishning oxirgi sanasi 3-oktabr bo'lsa, 4–5-oktabr kunlari bo'sh o'rinlar uchun ariza berish imkoniyati beriladi.
Eslatib o'tamiz, biologiya, kimyo, fizika va matematika fanlaridan navbatdagi milliy sertifikat imtihoni uchun ruxsatnomalar e'lon qilingan. Bu borada imtihon sanalari va ruxsatnomalar, shuningdek o'tirish o'rinlari soni haqidagi materiallarimizni ham o'qishingiz mumkin.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring