Sertifikatlash tizimidagi imtihonlarga ro'yxatdan o'tishda belgilangan limitlar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikr-mulohazalarga Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy munosabat bildirdi. Agentlikning ma'lum qilishicha, 2026-yilning ikkinchi yarmi uchun jami 496 303 ta o'tirish o'rni belgilangan.
O'tirish o'rinlari taqsimoti
| Oy | O'tirish o'rinlari soni |
|---|---|
| Sentabr | 125 753 |
| Oktabr | 129 535 |
| Noyabr | 112 335 |
| Dekabr | 128 680 |
| Jami | 496 303 |
Imtihonlar soni va davriyligi
2026-yil sentabr–dekabr oylarida matematika, kimyo, geografiya, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan 2 martadan, huquqshunoslik fanidan 1 marta — jami 15 ta imtihon o'tkazilishi rejalashtirilgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida jami 11 ta imtihon o'tkazilib, ularda 255 217 nafar talabgor ishtirok etgan.
fanlar kesimida imtihonlar ikki martadan o'tkazilishi va huquqshunoslikdan milliy sertifikat imtihoni haqida avvalroq yozgan edik.
Tartibning maqsadi
Agentlikning ta'kidlashicha, hududlar kesimida o'tirish o'rinlarini belgilash talabgorlarning imtihonda ishtirok etishini cheklash, to'lovlarni kamaytirish yoki yuqori natija ko'rsatishi mumkin bo'lgan talabgorlar sonini sun'iy ravishda qisqartirish maqsadini ko'zlamaydi.
Mazkur tartibning maqsadi — mavjud infratuzilma, texnik vositalar, xodimlar va nazorat resurslaridan oqilona foydalangan holda imtihonlarni barqaror va sifatli tashkil etish, hududlar bo'yicha yuklamani maqbul taqsimlash hamda natijalarni belgilangan muddatlarda e'lon qilishni ta'minlash.
Nizomga kiritilgan o'zgartirishlar
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan “Umumta'lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi to'g'risida”gi Nizomga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilgan. Aynan shu o'zgartirishlarga muvofiq test sinovlarini o'tkazish joyi, muayyan hududlar bo'yicha o'tirish o'rinlari soni hamda imtihon sanalari belgilanadi.
Ro'yxatdan o'tishning yangi tartibi
Test sinovini o'tkazish joyi, muayyan hudud bo'yicha o'tirish o'rinlari soni va sanasi Agentlik tomonidan belgilanadi hamda Agentlikning rasmiy veb-sayti va YIDXP orqali e'lon qilinadi. Bunda talabgorlar muayyan hudud bo'yicha o'tirish o'rinlari soniga muvofiq YIDXP orqali ro'yxatga olinadi.
Vazirlar Mahkamasining 411-son qarori bilan kiritilgan o'zgartirish
Ya'ni endi milliy sertifikat imtihoniga ro'yxatdan o'tishda faqat ariza topshirishning oxirgi muddati emas, balki hudud uchun ajratilgan joylar soni ham ahamiyatga ega. Muayyan viloyat yoki shaharda imtihon uchun ajratilgan barcha o'rinlar band bo'lsa, umumiy ro'yxatdan o'tish muddati hali tugamagan bo'lsa ham, o'sha hudud bo'yicha ro'yxatdan o'tish yopilishi mumkin.
Masalan, ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihoni uchun ro'yxatdan o'tish 18-sentabrdan 2-oktabrga qadar deb belgilangan edi. Biroq barcha hududlar bo'yicha belgilangan joylar 1–2 soat ichida to'ldi va ariza berish yopildi.
















