Vena Texnologiya Universiteti va CASPIAN Scholarships
Vena Texnologiya Universiteti — 1815-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Avstriyaning Vena shahridagi eng yirik va nufuzli davlat universitetlaridan biri hisoblanadi. Mazkur oliygoh pedagogika va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida xalqaro obro‘ga ega bo‘lib, innovatsion loyihalar asosida ta’lim beradi.
Universitet tomonidan e’lon qilingan CASPIAN Scholarships grant dasturi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va boshqa bir qator davlatlarning iqtidorli yoshlariga magistratura bosqichida o‘qish uchun 11 500 yevro miqdoridagi stipendiyani taqdim etadi.
Grantning asosiy shartlari va afzalliklari
Ushbu grant dasturi iqtidorli talaba yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, quyidagi xususiyatlarga ega:
- Yo‘nalish: Grant faqatgina Engineering Management magistratura yo‘nalishi uchun amal qiladi;
- Qiymati: 11 500 yevro miqdoridagi mablag‘ talabaning o‘qish to‘lovi uchun universitetga o‘tkaziladi;
- Nomzodlar: Bakalavr darajasini a’lo baholar bilan tamomlagan mutaxassislar ariza topshirishlari mumkin.
Ariza topshirish tartibi va kerakli hujjatlar
Nomzodlar grant dasturida ishtirok etish uchun avval universitetning magistratura yo‘nalishiga qabul qilinishlari lozim. Jarayon quyidagi bosqichlardan iborat:
- Engineering Management yo‘nalishi bo‘yicha onlayn ariza shaklini to‘ldirish;
- O‘qishga qabul qilingandan so‘ng grant uchun alohida ariza yuborish;
- CV (tarjimai hol), pasport nusxasi va baholar ko‘chirmasini taqdim etish;
- Ingliz tili darajasini tasdiqlovchi sertifikat (IELTS 5.5, TOEFL iBT 87 yoki muqobil darajalar).
Hujjatlar qabul qilishning oxirgi muddati 2021-yil 30-aprel etib belgilangan. Batafsil ma'lumotni universitet rasmiy sayti orqali olishingiz mumkin.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.