Yoshi va ma’lumoti sabab sinfni olib qo’yish kamsitish hisoblanadi

Pensiyaoldi yoshidagi o’qituvchining darslari yoshroq pedagokka berildi. Bu qanchalik qonuniy va huquq buzilsa qayerga murojaat qilinadi?

Yoshi va ma’lumoti sabab sinfni olib qo’yish kamsitish hisoblanadi

30 yildan buyon boshlang'ich sinf o'qituvchisi bo'lib ishlab kelayotgan, kelasi yil pensiyaga chiqadigan va ma'lumoti o'rta maxsus bo'lgan pedagog murojaat qildi: uning sinfi va dars soatlari ruhiy bosim ostida, boshlang'ich ta'lim yo'nalishini tamomlamagan (4-kursda o'qiyotgan) va staji yo'q pedagokka berilmoqda.

Savolga javoban: pedagoglarning o'rta maxsus ma'lumotga ega ekanligi yoki pensiya yoshiga yaqinlashgani o'z-o'zidan sinf rahbarligi yoki darslarini olib qo'yish uchun qonuniy asos bo'la olmaydi.

Kamsitish taqiqlanadi

Reklama

Mehnat kodeksining 4-moddasida har kim mehnat huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishda teng imkoniyatlarga ega ekani qayd etilgan. Mehnat sohasida kamsitish taqiqlanib, jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati, mansab mavqei, yashash joyi, dinga munosabati va boshqa jihatlariga qarab to'g'ridan-to'g'ri yoki bilvosita cheklovlar belgilash kamsitish hisoblanadi.

Ya'ni xodimning ishchanlik sifatlari va mehnat natijalari bilan bog'liq bo'lmagan mezonlar — yoshi hamda ma'lumot shakli — asosida darslardan mahrum qilish qonunga zid.

Ma'lumotga qo'yiladigan talablar

  • Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining 2026-yil 13-yanvardagi 9-son buyrug'i bilan tasdiqlangan malaka tavsiflariga ko'ra boshlang'ich sinf o'qituvchisi uchun boshlang'ich ta'lim ixtisosligi bo'yicha kamida o'rta maxsus pedagogik ma'lumot yoki kamida bakalavr darajasidagi oliy ma'lumot va boshlang'ich ta'lim ixtisosligi bo'yicha kasbiy qayta tayyorlov kursini tugatgan bo'lish talab etiladi;
  • Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarorining 6-bandi va qarorga 3-ilovaning 4-bandida o'rta maxsus ma'lumotli pedagoglarning ta'lim muassasasida faoliyat ko'rsatmasligi haqida norma yo'q.

Sinf rahbarligi va dars taqsimoti

  • Vazirning 2023-yil 27-iyundagi 190-son buyrug'i bilan tasdiqlangan sinf rahbari lavozim yo'riqnomasiga ko'ra sinf rahbarligi maktabda asosiy ishchi sifatida ishlayotgan, boshqaruvchilik qobiliyatiga ega xodimlarga yuklatiladi;
  • “Umumta'lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro'yxatlarini shakllantirish tartibi to'g'risida”gi (ro'yxat raqami 3271) nizomning 15-bandi va 19-xatboshiga ko'ra oliy ma'lumotli o'qituvchilar bilan ta'minlangunga qadar o'rta maxsus, professional ma'lumotga ega o'qituvchilar faoliyat yuritishi mumkin;
  • Vazirning 2025-yil 23-oktabrdagi 398-son buyrug'i bilan sinf rahbarlariga qo'yilgan oliy pedagogik ma'lumotga ega bo'lish talabi butunlay bekor qilingan.

Javobgarlik va murojaat yo'llari

Maktab direktorining pensiyaoldi yoshidagi, o'rta maxsus ma'lumotga ega pedagog bilan mehnat shartnomasini g'ayriqonuniy bekor qilishi mehnat qonunchiligini buzish sanaladi. Bunday holatda direktorga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 49-moddasi bilan ish qo'zg'atilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o'n baravarigacha miqdorda jarima qo'llanilishi mumkin.

Pedagog mehnat huquqlari buzilgan deb hisoblasa, hududiy adliya yoki bandlik bo'limlariga, prokuratura organlariga murojaat qilishi mumkin. G'ayriqonuniy ishdan bo'shatilgan bo'lsa, sud orqali qayta ishga tiklanish, majburiy bekor turib qolgan vaqt uchun to'lovlarni undirish mumkin: Mehnat kodeksining 320-moddasiga ko'ra ish beruvchi xodimni mehnat qilish imkoniyatidan g'ayriqonuniy mahrum etgan barcha hollarda u olmagan ish haqining o'rnini qoplab berishi shart.

O'rta maxsus ma'lumotli o'qituvchidan sinfni olib qo'yishning qonunga zidligi haqida avvalgi materialimizda, dars soatlari taqsimotidagi ustuvorlik tartibi haqida esa alohida maqolada yozgan edik.

Yo'q. Yoshi va ma'lumot shakli xodimning ishchanlik sifatlari bilan bog'liq bo'lmagan mezonlar bo'lib, ularga qarab cheklov belgilash kamsitish hisoblanadi.
Ha. Malaka tavsiflariga ko'ra boshlang'ich ta'lim ixtisosligi bo'yicha kamida o'rta maxsus pedagogik ma'lumot kifoya qiladi.
Sud orqali qayta ishga tiklanib, majburiy bekor turgan vaqt uchun to'lovlar undiriladi; shuningdek adliya, bandlik va prokuratura organlariga murojaat qilish mumkin.

Reklama

Umidjon EsirgapovU
MUALLIFUmidjon EsirgapovInfoedu.uz asoschisi marketing va ta’lim sohasida 5 yillik tajribaga ega ekspert.

Izohlar (0)

Izoh yozish uchun tizimga kiring.

Hozircha izohlar yo‘q.

Birinchi bo‘lib izoh qoldiring

O'xshash maqolalar

Eng ko'p o'qilganlar